O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda besh yillik vakolat muddati tugagan bir necha nafar sudyalarni yangi muddatga tayinlash, shuningdek ayrimlarini (vakolat muddatiga) qayta tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Tayinlovga oid barcha jarayonlar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida ochiq-oshkora o‘tdi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari ham hozir bo‘ldi.
Kengash matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Sudyalar oliy kengashi qarori bilan 6 nafar nomzod navbatdagi 10 yillik muddatga, yana uch nafar sudya vakolat muddatiga qayta tayinlandi, 2 nafari zaxiraga qoldirildi. Zaxirada qolganlarga bir oydan keyin yana bir bor o‘z omadini sinab ko‘rish imkoniyati beriladi.
Shuningdek, kengash sudyalik faoliyatida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 4 nafar sudyani intizomiy javobgarlikka tortish masalasini ham muhokama qildi.
Pirovardida ularning uch nafarini intizomiy javobgarlikka tortishga rozilik berildi, bir nafariga nisbatan rad etildi.
Eslatib o‘tamiz, sudyalarga nisbatan intizomiy choralari (Sudyalar oliy kengashi rozilik bildirganidan so‘ng) tegishli malaka hay’atlari tomonidan qo‘llaniladi.
Muattar Burhonova, O‘zA