Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalarni saylash jarayonida parlament nazorati kuchayadi
20:10 / 2026-02-09

Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sudyalar mustaqilligini ta’minlash, sud tizimiga malakali kadrlarni tanlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, sud hokimiyatining nufuzini oshirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, amalda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sudyalarni saylash bo‘yicha konstitutsiyaviy vakolati asosan nomzodlarni tasdiqlash bilan cheklanib qolayotgani mazkur jarayonni yanada ochiq va mazmunli qilish zaruratini ko‘rsatmoqda.  

Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga muvofiq, sudyalik lavozimlariga nomzodlar avval Senatning mas’ul qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi, ular faoliyati yuzasidan xulosa tayyorlanadi va shundan so‘ng Senat muhokamasiga kiritiladi.  

Bu esa sudyalarni saylash jarayonida parlament nazoratini kuchaytirish, shaffoflik va javobgarlikni oshirishga xizmat qiladi.

M.Komilova, O‘zA