Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar xotin-qizlarga huquqiy maslahat bermoqda
20:40 / 2021-01-26

Surxondaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan sudlarning sudyalari tomonidan joylarda qabullar tashkil etilib aholiga huquqiy maslahatlar berilmoqda.

Mamlakatimizda ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan ishlashda yangicha tizim joriy etilayotir.

Surxondaryo viloyatida ham ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlashga ehtiyoji bo‘lgan ayollar ro‘yxati shakllantirilib, “Ayollar daftari”ga kiritilgan. bugungi kunda shahar-tumanlarda ular bilan manzilli ish olib borilmoqda. Xususan, viloyatdagi sudlarning sudyalari mazkur ro‘yxatdan o‘rin olgan xotin-qizlarning huquqiy masaladagi muammolarini hal etishga yaqindan yordam bermoqda.

Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan qabul chog‘ida ayollar o‘zlarini qiynayotgan uy-joy, ajrim, aliment olish kabi masalalarda sudyalarga murojaat qildi.

Prezidentimizning xotin-qizlarga huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudi raisi, jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi, Termiz tumanlararo ma’muriy sudi sud’yalaridan iborat ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ishchi guruh a’zolari tomonidan shahar hududida istiqomat qilib kelayotgan “Ayollar daftariga” kiritilgan xotin-qizlarning sud-huquq sohasiga oid muammolarini qonunchilikda belgilangan tartibda hal etish yuzasidan tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.

Murojaatlar og‘zaki va yozma ravishda qabul qilindi.

R.Xurramov,

Surxondaryo viloyati Adliya boshqarmasi

Bandixon tumani bo‘limi boshlig‘i