Odil sudlov tizimini isloh qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz tomonidan joriy yil 21 avgustda imzolangan “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ana shu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov farmonning ahamiyati va ijrosi bilan bog‘liq masalalar haqida munosabat bildirdi:
– Zamonaviy jamiyatda adolat nafaqat axloqiy me’yor, balki jamiyat barqarorligi va taraqqiyotining asosiy tayanchi hisoblanadi. Ushbu oliy qadriyat nafaqat inson huquqlarini himoya qilish, shu bilan birga, ijtimoiy-siyosiy hayotimizda ijtimoiy tenglik va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Ya’ni, adolatsiz jamiyatda ishonch yo‘qoladi, korrupsiya avj oladi va taraqqiyot to‘xtaydi. Bu esa, har bir inson manfaatlariga tahdid soladi. Shu bois, adolatni amalga oshiruvchi odil sudyalarni tayyorlash jamiyat hayotida markaziy o‘rin egallaydi.
“Cudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo‘lishi kerak”, deb ta’kidlagan Prezidentimizning so‘zlari adolatning poydevorini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarning tub negizini tashkil etadi.
Farmon sud tizimini zamonaviy standartlarga moslashtirish, sudyalarning kasbiy tayyorgarligini kuchaytirish va fuqarolarning adolatga erishishini ta’minlashga qaratilgan. Unda belgilangan chora-tadbirlar sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish sifatini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish va jamiyatda ishonch muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Farmonga muvofiq, sud-huquq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etildi. Sudyalar oliy maktabi Odil sudlov akademiyasiga aylantirilib, unda ta’lim jarayoni ustoz-shogird an’anasi asosida “bo‘lajak sudyani sudya o‘qitadi” tamoyiliga muvofiq tashkil etildi.
Farmondagi eng muhim yangiliklardan biri – bu sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash Akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida amalga oshiriladi. Bu kurslar qonunchilikni qo‘llash ko‘nikmasining amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda “nazariya – amaliyot – imitatsiya” tamoyili asosida dual ta’lim shaklida tashkil etiladi.
Akademiyada malaka oshirishning yangicha uslublari, ya’ni besh yil muddatga tayinlangan sudyalar – har ikki yilda ikki haftadan kam bo‘lmagan, o‘n yil muddatga tayinlangan sudyalar – har uch yilda ikki haftadan kam bo‘lmagan, Oliy sud sudyalari, sud raislari va rais o‘rinbosarlari, shuningdek, muddatsiz davrga tayinlangan sudyalar – har uch yilda bir haftadan kam bo‘lmagan, faoliyat samaradorligi reytingining past ko‘rsatkichlariga ega sudyalar – navbatdan tashqari ikki haftadan kam bo‘lmagan hamda sud apparati xodimlari – har ikki yilda bir haftadan kam bo‘lmagan malaka oshirish kurslarida o‘qitilishi tizimi joriy etildi.
Bu sudyalarning doimiy ravishda kasbiy ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirilishini ta’minlaydi.
Aytib o‘tish kerakki, sud tizimida gender tenglikni ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida O‘zbekiston 2024 yilda 11,9 ballga o‘sib, Top-5 islohotchi mamlakatlar qatoriga kirdi.
Jumladan, Toshkent shahar sudining iqtisodiy sudlov hay’ati 2 nafar ayol xodimi ham psixologiya, chet tillari va sud ixtisosligi bo‘yicha test sinovlari hamda idoralararo komissiya tomonidan o‘tkaziladigan yozma imtihon va suhbatdan iborat tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tib, Akademiyaning kasbiy qayta tayyorlash kurslariga ilk qaldirg‘ochlar sifatida qabul qilindi.
Ta’kidlash joizki, globallashuv va raqamli zamonda sudyalar nafaqat huquqiy bilimlarni egallashi, balki yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishi, qo‘llay olishi, sun’iy intellekt va boshqa innovatsion yechimlardan foydalana olishi, xalqaro darajada inson huquqlari, iqtisodiy munosabatlarni ham chuqur o‘rganishi kerak.
Farmonda belgilangan choralar shu kabi ilg‘or tajribalarni hamda sudyalar korpusini shakllantirishning zamonaviy talablarini hisobga olgan holda raqamlashtirish va xalqaro hamkorlikni joriy etish orqali Akademiyaning global standartlarga moslashishiga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, farmon sud tizimi uchun zamonaviy, yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, ta’lim, ilm-fan va amaliyot uzviyligini ta’minlash orqali professional sudyalar korpusini shakllantirishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA