Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar oliy maktabining 73 nafar tinglovchisiga diplom topshirildi
10:43 / 2021-08-11

Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida 2020-2021 o‘quv yili magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan 73 nafar tinglovchiga diplom topshirildi. Bitiruvchilarning 25 nafari jinoyat huquqi, 18 nafari fuqarolik huquqi, 12 nafari ma’muriy huquq va 18 nafari iqtisodiy huquq ixtisosliklari bo‘yicha tahsil oldi.

Ma’lumki, o‘tgan yildan boshlab, ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlanadiganlar  uchun Kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabida tahsil olish shart qilib qo‘yildi. Mazkur yangi tartib bitiruvchilar uchun sudyalikka bir qadam qolganini anglatadi.  

Diplom topshirish tadbirida ishtirok etgan Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov ta’kidlaganidek, bu yilgi bitiruvchilar davlat rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan Oliy maktabning ikkinchi qaldirg‘ochlaridir. O‘tgan o‘quv yilida ushbu ta’lim dargohining magistratura bosqichini 59 nafar tinglovchi tamomlagan bo‘lsa, ularning 46 nafari sudyalik lavozimlariga tayinlandi. Yaqinda yana 3 nafariga katta ishonch bildirildi. Shu kunlarda Sudyalar oliy kengashi 33 nafar vakant sudyalik o‘rniga tanlov e’lon qilindi. Ayni paytda respublika bo‘yicha 79 nafar sudyalik lavozimlari vakant bo‘lib turibdi. Mana shu bo‘sh sudyalik lavozimlariga tanlov asosida eng munosiblar tanlanadi.

Kengash raisining qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan o‘quv yili tinglovchilari orasida sudyalik kasbi taqozo etadigan bilim darajasi, ma’naviyati bugungi kun talablariga to‘la javob bermaydiganlar ham borligidan  ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bunday holatlardan tegishli xulosa chiqarish kerak. Zotan, bugungi kunning sudyasi chuqur bilimga, katta tafakkurga, keng dunyoqarashga va, albatta, yuksak ma’naviyatga ega bo‘lishi shart!

Tadbir yakunida o‘quv yili davomida namunali xulqi, tirishqoqligi bilan alohida ajralib turgan bir guruh tinglovchilarga “Eng faol tinglovchi”, “Eng faol kitobxon” nominatsiyalari bo‘yicha mukofotlar ham topshirildi.

M.Komilova, O‘zA