Bugun Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursi tinglovchilari – bo‘lajak sudyalar uchun so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarning mazmun va mohiyatiga bag‘ishlangan navbatdagi ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastlab tadbirda so‘z olgan taniqlisiyosatshunos, professor Narzulla Jo‘rayev davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tirof etilgan ma’naviyat tushunchasi haqida tinglovchilarga ma’ruza qildi.
Mazkur davra suhbatiga siyosatshunos olimning taklif etilishi ham bejizga emas. Chunki, ma’naviy hayot bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan jamiyatning siyosiy hayotida davlat va hokimiyat munosabatlari alohida o‘rin tutadi.
– Ma’naviyat – eng muhim va hamma shug‘ullanishi kerak bo‘lgan masala, -dedi tinglovchilar bilan suhbatda taniqli olim.– Ma’naviyat millatni taraqqiyotga yetaklovchi, davlatning qudratini oshiruvchi muhim omil sanaladi. Zero, insonning jamiyatdagi o‘rni uning moddiy boyliklari bilan emas, balki yuksak ma’naviy qiyofasi bilan belgilanadi.
Darhaqiqat, temirni zang kemirganidek, odamni ham ma’naviyatsizlik mo‘rtlashtiradi. Shu ma’noda mas’uliyatli kasb egalari – bo‘lajak sudyalarning kitob mutolaa qilishi g‘oyatda muhim.
Bu nafaqat qonunlarni yaxshi bilish va amaliyotda qo‘llay olish, balki ish mohiyatiga to‘g‘ri yondashishga ham katta yordam beradi. Qolaversa, ravon nutq, keng tushuntirish, oliyjanoblik va insonparvarlik kabi fazilatlar aynan kitobxonlik orqali shakllanadi.
O‘zA