Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar oliy maktabi magistrlariga diplom topshirildi
11:16 / 2022-08-07

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz odil sudlovi tarixida ilk bor tashkil etilgan, yagona tuzilma — Sudyalar oliy maktabining 2021-2022 o‘quv yilida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud rahbariyati, taniqli huquqshunos olimlar va sud-huquq tizimi faxriylari ishtirok etdi.

Bu o‘quv yilini 75 nafar tinglovchi muvaffaqiyatli yakunladi. Sudyalar oliy maktabi tashkil etilganidan buyon 132 nafar sudyalikka nomzodlar magistratura kurslarida tahsil olgan bo‘lsa, ulardan 115 nafari (87 foiz) sudyalik lavozimiga tayinlandi. Endi yana 75 nafar bo‘lajak sudya ularning safiga qo‘shilmoqda.

Bundan tashqari, Sudyalar oliy maktabida ayni paytgacha 897 nafar sudya (mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha sudyalarning 87 foizi) hamda 461 nafar sud apparati xodimlarining malakasi oshirildi. Shuningdek, yuzga yaqin xalqaro va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda sudyalikka nomzodlar, sudyalar uchun mahorat darslari va seminarlar tashkil etildi.

Odil sudlovning dolzarb masalalarini tadqiq qilish maqsadida 50 ga yaqin xalqaro va o‘ndan ortiq respublika miqyosidagi turli tadbirlar o‘tkazildi. Darslarning sifatini yanada yaxshilash maqsadida Oliy maktabning 30 yaqin xodimi xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarida bilim va ko‘nikmalarini oshirgan holda tajriba almashdi.

Ta’lim jarayoniga bevosita yuqori malakali sudyalar, huquqshunos olimlar, soha mutaxassislari, xalqaro ekspertlar jalb qilinmoqda. Tajriba almashish maqsadida xorijiy davlatlarning sudyalarni tayyorlash bo‘yicha maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalar mustahkam o‘rnatilgan. Misol uchun, xorij  davlatlardagi Sudyalar oliy kengashlari huzuridagi ta’lim muassasalari, xususan, Ispaniya Sudyalar oliy maktabi, Bolgariya Sudyalar milliy instituti, Ruminiya Milliy magistratura instituti, shu bilan birga mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Fransiya Milliy magistratura maktabi, Italiya Odil sudlov maktabi, Kanada Milliy sudyalar instituti bilan hamkorlikda muntazam tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Ma’lumot uchun, Sudyalar oliy maktabida Inson huquqlari va xalqaro huquq kafedrasi tashkil etilgan. Buning natijasida  amaldagi va bo‘lajak sudyalar uchun yangi o‘quv moduli, ya’ni inson huquqlariga oid normalar, xalqaro huquq normalarining qo‘llanilishi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari shakllantirildi. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu ta’lim va ilmiy tadqiqot dargohining bitiruvchilari kelajakda davlat va jamiyat hayotida adolat o‘rnatilishiga amaliy hissasini qo‘shadi.

O‘zA