Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar oliy kengashi: Barvaqt intervyu bergan sudyaga nisbatan intizomiy chora ko‘riladi
18:14 / 2021-01-30

Qonuniy kuchga kirmagan hukm yuzasidan ommaviy axborot vositalariga intervyu bergan sudyaga nisbatan intizomiy chora ko‘riladi. Bu haqda Sudyalar oliy kenashi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudi raisi o‘zi ko‘rib chiqqan, biroq hali qonuniy kuchga kirmagan jinoyat ishi bo‘yicha markaziy telekanallardan biriga intervyu bergan.

“Sudyalarning odob-axloq kodeksi”da (14-modda) sudya hali qonuniy kuchga kirmagan sud hukmi (qarori) bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emasligi qayd etilgan.

Ushbu tartib Oliy sud plenumi qarorida (2020 yil, 21 fevral, 04-son) aks etgan. Eng muhimi, sudning qonuniy kuchga kirmagan hukmi (qarori) bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida bong urish aybsizlik prezumsiyasiga zid hisoblanadi.

Quva tumani sudi raisi qayd etilgan huquqiy hujjatlar talabiga rioya etmagani uchun Sudyalar oliy kengashi qarori bilan unga nisbatan intizomiy jazo qo‘llashga rozilik berildi.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim sudyalar o‘zi ko‘rib chiqayotgan ish bo‘yicha intervyu berishdan bosh tortayotganiga oid iddaolar tarqalayotgan holatlar ham yo‘q emas. Sudyaning qonuniy kuchga kirmagan sud hukmi (qarori) xususida OAVda chiqish qilishga haqli emasligi, aks holda qanday oqibatga olib kelishiga yuqorida aniq misol keltirdik. Bu o‘z-o‘zidan hali sud protsessi yakuniga yetmagan (ya’ni, hali hatto qaror yoki hukm chiqmagan) ish haqida sudyani suhbatga tortish, intervyu bermagach, malomat qilish esa mavjud huquqiy tartiblarga ikki karra zidligi va borib turgan mantiqsizlik ekanini ko‘rsatadi.

Ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqilgan sud hujjatlari qonuniy kuchga kirganidan so‘ng ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga hech qanday monelik yo‘q. Muhimi, sha’n va qadr-qimmatga daxl qilinmaslik kerak.

O‘zA