Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar oliy kengashi: 32 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi 
15:37 / 2024-09-19

Sudyalar oliy kengashi tomonidan o‘tkazilgan ochiq tanlovlarda 503 nafar nomzod muhokama qilindi. Ularning 378 nafari sudyalik lavozimiga munosib deb topilgan, 52 nafari sudyalik lavozimiga nomunosib deb topilgan bo‘lsa, 73 nafari vakolati muddatiga boshqa sudyalik lavozimiga qayta tayinlash rad etilgan.

Bu Sudyalar oliy kengashi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etildi. 

2024 yil 18 sentyabr holatiga ko‘ra, tizimda 1 ming 490 nafar sudya faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shundan 209 nafarini (yoki 14 foizi) ayol sudyalar tashkil etdi. Ayollarning 24 nafari rahbar lavozimlarga tayinlangan. 

Faoliyat ko‘rsatayotgan sudyalarning 511 nafari sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga, 923 nafari o‘n yillik muddatga, 54 nafari muddatsiz davrga tayinlangan. 

2024 yilning o‘tgan davrida 32 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilgan. Ularning 13 nafari sudyalik qasamyodini, 6 nafari Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgan. 13 nafari o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod qilindi. 

Ma’lumki, 2025 yil 1 yanvarda sud tizimida yangi institut – tergov sudyalari faoliyat boshlaydi. Ayni paytda ushbu yangi lavozimga munosib nomzodlarni tanlash va tayyorlash ishlari davom etmoqda. Bundan tashqari, kengash hamkor tashkilotlar bilan joylarga chiqib, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari uchun “Asoslangan gumon: “qamoq” ehtiyot chorasini tanlash va sudgacha hibsdan ozod qilish hamda boshqa protsessual choralar qo‘llash bo‘yicha xalqaro amaliyot” mavzusida xalqaro seminarlar o‘tkazib kelmoqda. 

Sudyalar oliy kengashi tashabbusi va Kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabining professor-o‘qituvchilari sa’y-harakatlari bilan “Sudyalar daxlsizligini ta’minlashning huquqiy asoslari”, “Iqtisodiy sudlarga murojaat qilish tartibi”, “Fuqarolik huquqiy fanlar bo‘yicha testlar” to‘plami, “Sud tizimida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaga qarshi kurashish” nomli risola va huquqiy qo‘llanmalar nashr etildi. 

Sudyalar oliy kengashi tomonidan Sudyalar odobi kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi. Ayni paytda “Sudyalar odobi kodeksiga sharhlar” kitobi tayyorlanib, nashr etilishi arafasida. Mazkur to‘plam o‘zbek tilidan tashqari rus va ingliz tillariga ham nashr etilishi ko‘zda tutilgan. 

Norgul Abduraimova, O‘zA