French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligi yanada mustahkamlanishi zarur
13:53 / 2022-09-27

bugungi kunda mamlakatimizda sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash uchun yana nimalar qilish zarur, degan savol bugun kun tartibidagi eng muhim masaladir. Zero, aynan sud tizimining samaradorligi darajasi mamlakatdagi qonun ustuvorligi, erkin investitsiyaviy muhit va albatta, davlatning xalqaro maydondagi nufuzining asosiy ko‘rsatkichlaridan biridir.

Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartishlar bilan odil sudlov tizimining mustaqilligi yanada mustahkamlanishi ko‘zda tutilmoqda. Xususan, Konstitutsiyaning 112-moddasiga “Sudyalar sudya o‘z vakolatlari muddati davomida almashtirilmaydi, daxlsiz va konkret ishlar bo‘yicha hisobdor emas”, degan qoida kiritilmoqda.

Avvalo aytish kerakki, sudyalar mustaqilligini ta’minlovchi muhim qadam sifatida davlatimizda sudya lavozimida bo‘lishning birinchi marotaba besh yillik, navbatdagi o‘n yillik va muddatsiz davri belgilangan. Shu bilan birga, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishda mustaqil va xolis bo‘lishi kafolati sifatida ularning o‘z vakolati muddatida almashtirilmasligi hisoblanadi. Mazkur kafolat odil sudlov mustaqilligiga oid deyarli barcha xalqaro-huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan. Jumladan, Sud hokimiyati mustaqilligi asosiy prinsiplari (1985 y.) 11- va 12-bandlarida hamda Sudyalar maqomi to‘g‘risidagi Yevropa xartiyasi (1998 y.) 3-bo‘limidagi sudyalarning almashtirilmasligiga doir qoidalar mustaqil odil sudlovni ta’minlashdagi eng asosiy mezonlaridan biri sifatida belgilangan.

Mazkur yangi normaning ahamiyati nimada? Ushbu yangi konstitutsiyaviy kafolat bilan sudyalarning odil sudlov funksiyasini amalga oshirish mobaynida mustaqilligi yanada to‘liq ta’minlanadi, sudya o‘z vakolatlari muddati davomida almashtirilmasligi tufayli hech bir tashqi va ichki idoraviy ta’sirlardan xoli mustaqil va dadil faoliyat yuritadi.

Shuningdek, mazkur norma doirasida sudyaning vakolatlari qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin emasligi kafolatlanadi.

Buning natijasida esa sudyaning o‘zi roziligisiz boshqa lavozimga yoki boshqa sudga o‘tkazilishi mumkin emasligi, sudyalar faoliyatiga aralashish, bosim o‘tkazish, asossiz faoliyatini to‘xtatish yoki tugatish kabi holatlarga barham berish mexanizmini ishga soladi.

Bunday konstitutsiyaviy qoidalar rivojlangan xorijiy davlatlarda, xususan, Ispaniya, Xorvatiya, Portugaliya, Gretsiya konstitutsiyalarida ham mustahkamlangan.

Shuningdek, Konstitutsiyaning 112-moddasiga taklif etilayotgan yana bir muhim, odil sudlov mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan kafolat, bu — “Davlat sudyaning va uning oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlaydi”, degan qoidadir.

Nima uchun bunday normaning zarurati mavjud? Aytish kerakki, afsuski, sud amaliyoti shuni ko‘rsatyaptiki, o‘z faoliyatini olib borishda sudyalarga va ularning oila a’zolari uchun jiddiy xavflar mavjud. Xususan, murakkab jinoyat ishlarining sudlarda ko‘rilishida sudyalarning va ularning yaqinlari xavfsizligini ta’minlash masalasi yanada jiddiylashadi.

Mazkur konstitutsiyaviy kafolat asosida sudyalar ishiga har qanday aralashuv, tazyiq keskin jazolanishi, ularning xavotirsiz va dadil ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi ta’minlanadi. Zero, qachonki sudya o‘z daxlsizligi va o‘z yaqinlarining xavfsizligida ishonchi komil bo‘lsagina, mustaqil va adolatli ravishda faoliyat yurita oladi. Konstitutsiyada mustahkamlanishi taklif etilayotgan bu qoidalar sudyalar mustaqilligini, va pirovardida, samarali odil sudlovni yanada ishonchli ta’minlashga xizmat qiladi.


Surayyo RAHMONOVA,

yuridik fanlar doktori, professor,

Konstitutsiyaviy komissiya eksperti