English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar mas’uliyatini oshirishga qaratilgan loyiha qizg‘in muhokama qilindi
09:43 / 2023-05-23

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.

Jumladan, “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. 

— Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirish maqsadida keyingi yillarda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga qaratilgan keng qamrovli tashkiliy-huquqiy tadbirlar amalga oshirildi, — dedi deputat D.Aripov. — Sud ishlarini yuritish jarayonida huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish natijalariga ko‘ra yangi institutlar joriy etildi, fuqarolar huquqlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida yarashuv, dastlabki eshituv, mediatsiya, shuningdek, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, apellyatsiya shikoyatlarining ko‘payishi sudlarda ish hajmining ortishi, xarajatlar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Oliy sudda ba’zi ishlarni ko‘rish muddatlari 1 yilgacha cho‘zilib ketishi mumkin. Shu bois sudda ishlarni ko‘rish muddatlari belgilab berilmoqda. 

Mazkur qonun loyihasidagi normalar sudyalarning mas’uliyatini oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, ortiqcha sarsongarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi. 

Fraksiya a’zolari qonun loyihasini ma’qulladilar. 

Muhtarama Komilova, O‘zA