Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Sudyalar oliy kengashi hamkorligida «Sudyalar korpusini shakllantirishda korrupsiyaning oldini olish masalalari» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashilsagina kutilgan samaraga erishish mumkin. Bu esa barcha davlat organlaridan izchil hamkorlikni talab qiladi.
Kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olish muhim bo‘lganidek, har qanday illatning barvaqt oldini olish unga qarshi kurashishning eng samarali usuli hisoblanadi. Buning esa ikki omili mavjud, bu – ochiqlik va shaffoflik.
Sudyalar oliy kengashi faoliyatida mana shu ikki tamoyilga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sudyalik lavozimlariga munosib kadrlarni tanlash va muqobillik asosida tayinlashda mutlaqo yangi tartib va talablar joriy etildi. Bu jarayonda ilg‘or axborot texnologiyalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilishi natijasida inson omili keskin cheklandi.
Davlatimiz rahbarining «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida esa Kengash faoliyatida ochiq va shaffoflik ustuvor ahamiyat kasb etishi yana bir bor belgilab berildi.
Tadbirda tizimdagi korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash, profilaktika qilish, turli tadqiqotlarni amalga oshirish, ilk sudyalikka kadrlarni tayyorlashda odob-axloq qoidalari hamda halollik bo‘yicha o‘qishlarni tashkil etish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shuningdek, mavjud qonunchilikni takomillashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada Sudyalar oliy kengashi va Agentlik o‘rtasidagi hamkorlik xususida so‘z yuritildi.
Tadbir yakunida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Sudyalar oliy kengashi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuhrat Ne’matov, O‘zA