Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida navbatdagi Prezidium majlisida ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan sudyalarning qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining 2026 yil 1 yanvardagi Prezidium qarori bilan sudyalik lavozimiga birinchi besh yillik muddatiga tayinlangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumanlararo sudining sudyasi Abiniyazova Gulrano Muratbayevna va fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudining sudyasi Opayeva Sarbinaz Kenesbayevnaning qasamyodi eshitildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining raisi K.Tarixov so‘zga chiqib, sudyalar korpusiga yangi qo‘shilayotgan vakillar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Prezidiumi qarori bilan sudyalik vakolati muddati davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi lavozimiga tayinlangan Davletov Dilmurat Ibrohimovichga ishonch bildirib, ularga odil sudlovni amalga oshirishdek mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Sudlarda uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan “Ustoz-shogird” an’anasi asosida yangi vakillarga tajribali sudyalar ustoz etib biriktirildi.

Tadbirda ishtirok etganlar yangi sudyalarga eng ezgu tilaklarini bildirishdi. O‘z navbatida, yangi sudyalar korpusiga vakil bo‘lganlar bildirilayotgan ishonchni oqlashga, faqat qonun asosida adolatli qaror chiqarishga, buning uchun o‘zlarining bor bilim va tajribasini ayamay sarflashga va’da berishdi.
Qasamyod qabul qilgan sudyalarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Sudyalar odobi” kitoblari sovg‘a qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri