Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar korpusi ochiqlik va shaffoflik asosida eng munosib kadrlar bilan ta’minlanadi
12:57 / 2021-10-22

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish, shu jumladan, sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etilib, uning faoliyatini tartibga soluvchi qonun qabul qilingandi.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining sud hokimiyati mustaqilligi prinsipiga rioya etilishini ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyatidagi rolini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining tarkibi va uni shakllantirish tartibi o‘zgartirilib, Kengash raisining o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanishi, Kengashning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va sudyalar orasidan tasdiqlangan o‘n bir nafar a’zosi o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshirishi, Kengashning qolgan yetti nafar a’zosi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi, Kengashning sudyalar orasidan tasdiqlangan va o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiruvchi o‘n bir nafar a’zosi Kengash tomonidan uning raisi taqdimiga binoan Kengashning sho‘basi hamda Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi tarkibiga, shu jumladan mazkur tuzilmalarning rahbarlari lavozimlariga saylanishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining asosiy vazifalari aniq belgilanib, shu bilan birga sudyalar orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni barvaqt aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, sud tizimida aniqlangan har bir korrupsiya holatini ko‘rib chiqish va prinsipial baholash, Kengashning hamda sud tizimining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, sudyalarni kasbiy jihatdan tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni tashkil etish, sudyalar faoliyati samaradorligini zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali baholashda xolislik va shaffoflikni ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan vazifalari qat’iy ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi uchun uning vakolatlariga ham tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlashni tashkil etilishi, rahbar sudyalik lavozimlariga nomzodlar zaxirasini shakllantirilib borishi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, rais o‘rinbosarlari va sudyalari lavozimlariga tavsiya etiladigan nomzodlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritishi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining raislari va rais o‘rinbosarlari, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari raislari va rais o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga tavsiya etiladigan nomzodlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritishi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyalarini, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining raislarini, ularning o‘rinbosarlari va sudyalarini, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari sudyalarini, tumanlararo ma’muriy sudlarning raislarini, ularning o‘rinbosarlari va sudyalarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining sudyalarini, hududiy harbiy sudlarning raislarini lavozimga tayinlashi; Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining sudyalik lavozimlariga tavsiya etiladigan nomzodlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga qonunga muvofiq xulosalar (taqdimnomalar) kiritishi, ularni boshqa lavozimga o‘tkazishni, shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshini sudyaning roziligi bilan besh yilgacha uzaytirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnoma kiritish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining, tumanlararo ma’muriy sudlarning, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining, hududiy harbiy sudlarning sudyalik lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshini sudyaning roziligi bilan besh yilgacha uzaytirish, sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvini o‘tkazish tartibini belgilash, sudyalarga va o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiruvchi Kengash a’zolariga nisbatan xizmat tekshiruvlari o‘tkazash, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining Sudyalar oliy malaka hay’atining qarorlari, xulosalari yuzasidan taqdimnomalarni ko‘rib chiqish, sudyalar faoliyatini ochiq va shaffof elektron reyting dasturi asosida baholash mezonlarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lgan vakolatlari belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining mas’uliyati oshirilib, Kengash faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va Kengash zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan mas’ul bo‘lishligi belgilangan holda, sud hokimiyati mustaqilligini, sudyalar daxlsizligini ta’minlashga va odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar haqida, shuningdek sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakunlari bo‘yicha axborot taqdim etishi tasdiqlandi.

O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi o‘rinbosarining vakolatlariga tegishli o‘zgartishlar va boshqa muhim qoidalar kiritilib, sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshirish, uning faoliyati samaradorligini ta’minlash uchun javobgar bo‘lishligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga, shuningdek axborot xavfsizligini ta’minlashga doir ishlarni tashkil etish, jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qilish, Kengash raisi yo‘qligida uning vazifasini bajarish mas’uliyati belgilandi.

Kengashning davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligidagi munosabatlari ham ko‘rsatilib, sudyalik lavozimiga birinchi marta, navbatdagi o‘n yillik muddatga va sudyalik lavozimida bo‘lishning keyingi muddatsiz davriga tayinlanadigan (saylanadigan) nomzodning munosibligini aniqlashda, rahbarlik lavozimlariga nomzodni tayinlashda (saylashda) huquqni muhofaza qiluvchi organlardan zarur axborotni so‘rab olishi mumkinligi, o‘z navbatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar Kengashning so‘rovi olingan kundan e’tiboran bir oylik muddatda tegishli xulosani taqdim etishi kerakligi, sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirishga aralashganlik holatlari yuzasidan prokuratura organlariga taqdimnoma kiritishi mumkinligi, sudya huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan taqdirda, sudya ushlangan paytdan e’tiboran uch soatdan kechiktirmasdan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga bu haqda ushlab turish uchun asos bo‘lgan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari ilova qilingan holda xabar qilinishi shartligi belgilandi.

Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash tartibiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilib, bo‘sh sudyalik lavozimlari to‘g‘risidagi axborot Kengashning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarni ko‘rib chiqish muqobillik asosida amalga oshirilishi, sudyalikka nomzod bo‘sh sudyalik lavozimlarini to‘ldirish uchun tanlovda ishtirok etish to‘g‘risida bevosita Kengashga ariza berish huquqiga egaligi, sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarni, yangi vakolat muddatiga yoki boshqa sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlashda Kengash tomonidan belgilanadigan tartibda turli o‘rganish usullaridan — suhbat o‘tkazishdan, mustaqil ekspertlar tomonidan test sinovidan o‘tkazishdan, berilgan muammolar bo‘yicha mavzuga oid referatlar tayyorlashdan, bilim darajasini aniqlash uchun elektron so‘rov dasturidan foydalanilishi mumkinligi, sudyalik lavozimiga nomunosibligi tufayli rad etilgan nomzod bir yil o‘tgach, bo‘sh sudyalik lavozimini to‘ldirish uchun e’lon qilingan tanlovda ishtirok etishi to‘g‘risidagi ariza bilan Kengashga takroran murojaat qilishi mumkinligi belgilandi.

Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimcha natijasida ochiqlik va shaffoflik asosida sudyalar korpusini eng munosib kadrlar bilan ta’minlash mexanizmlari yanada takomillashtirilib, bo‘sh sudyalik lavozimlariga nomzodlarning tanlov jarayonlarini internet jahon axborot tarmog‘i (shu jumladan, veb-sayt) orqali yoritib borilishiga, sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqib va amaliyotga tatbiq etilishiga, sudyalarning mustaqilligini ta’minlash orqali fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi oshirilishiga, sud tizimida korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlari yanada rivojlantirilishiga erishiladi.



 

S.A. Nabiyev,

Jizzax viloyat sud sudyasi