Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar klubi – sudyalarning maslahatchisi va ko‘makdoshiga aylanadi
19:28 / 2021-01-19

Sudyalar oliy kengashi huzurida tashkil etilgan Sudyalar klubining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda kengash mutasaddilari, Oliy sud sudyalari va tizimning taniqli hamda faxriy vakillari ishtirok etdi.

Sudyalar klubi davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi.

Sudyalar klubi amaldagi moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llanilishi yuzasidan so‘rovlariga tushuntirishlar beradi.

Sudyalar klubining ishini tashkil qilish va asosiy faoliyati yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlat sudyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish Sudyalar oliy kengashi ko‘magida amalga oshiriladi.

Sudyalar klubi internet tarmog‘ida rasmiy kanallari va forumini yuritish orqali o‘zaro onlayn muloqotni amalga oshiradi. Klub a’zolari uchun davra suhbatlari, seminar, vebinar va konferensiyalar, teleradio kanallari orqali maxsus ko‘rsatuvlar tashkil etadi.

Sud amaliyoti va sudyalar faoliyatidagi muammolarni aniqlash hamda ularning yechimi bo‘yicha huquqiy jihatdan asoslantirilgan tavsiya va maslahatlarni shakllantirish, sudyalarning nazariy bilimlari, amaliy tajribasi va kasbiy malakasini oshirish borasida ilg‘or xorijiy hamda xalqaro tajribalarni klub a’zolariga izchil yetkazib borish ham Sudyalar klubining asosiy faoliyat yo‘nalishiga kiradi.

Sudyalarni muntazam ravishda qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, sud-huquq masalalari bo‘yicha amaliyot, shuningdek, norma ijodkorligi faoliyati bilan tanishtirib borish, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha yangiliklarni sudyalarga yetkazib borish ham klubning asosiy vazifalaridan etib belgilangan.

Sudyalar klubi jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan tuzilma bo‘lib, yuridik shaxs hisoblanmaydi.

Klubning doimiy mas’ul a’zolari ko‘p yillik ish tajribasiga, chuqur bilim va yuksak obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan amaldagi va faxriy sudyalar orasidan shakllantirilmoqda.

Muattar Burhonova, O‘zA