Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplari loyihasi ishlab chiqildi
12:27 / 2022-12-17

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi ma’ruzasida sudyalar kengashi organlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish taklifini bildirgan.

Jahon hamjamiyatida sudyalar kengashi organlarining soni ko‘payib borayotgani hamda xalqaro miqyosda ushbu organlar faoliyatini tartibga soluvchi, o‘rni va ahamiyatini e’tirof etuvchi aniq xalqaro-huquqiy normalarning mavjud emasligi bu taklif naqadar dolzarbligini ko‘rsatib turibdi.

Shu bois O‘zbekiston Respublikasining davlat tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislaridan iborat ishchi guruh shakllantirilib, Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplari loyihasi ishlab chiqildi.

Toshkentda «Sudyalar kengashi organlari faoliyatining universal prinsiplari» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro tadbirda shu haqda so‘z yuritildi.

Darhaqiqat, sudlar faoliyatini o‘zini o‘zi boshqarish prinsipi asosida tashkil etish sud hokimiyatining boshqa hokimiyat organlaridan mustaqil, ya’ni tashqi aralashuvlarsiz faoliyat yuritishini ta’minlaydi.

Shu nuqtai nazardan sud organlari va sudyalarning mustaqilligi ko‘p jihatdan aynan sudyalar kengashlarini tashkil etish va ularning faoliyati bilan uzviy bog‘liqdir. Zero, sudyalar kengashlarining mustaqilligini ta’minlamay turib, butun sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash imkonsizdir.

Sudyalar kengashlarining sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashdagi roli uning faoliyatini mustaqil tarzda olib borishni kafolatlaydigan demokratik prinsiplar asosida tashkil etilganiga bevosita bog‘liq. Bunda Sudyalar kengashlari faoliyatini demokratik tarzda tashkil etish, xolis amalga oshirish, uning a’zolari mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha zarur huquqiy kafolatlarni belgilash muhim vazifa hisoblanadi.

Sudyalar oliy kengashi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va YeXHTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda umumjahon miqyosda qabul qilinishi rejalashtirilayotgan mazkur xalqaro huquqiy hujjat loyihasini barcha davlatlarning manfaatlari nuqtai nazaridan yanada mustahkamlash maqsadida mintaqa va dunyo ekspertlari takliflari muhokama qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA