Navoiy viloyat sudi va viloyat ma’muriy sudi tashabbusi bilan mahalliy davlat hokimiyati, prokuratura, ichki ishlar, bojxona, soliq organlari, tijorat banklari, kadastr idoralari mas’ullari uchun amaliy seminar tashkil etildi.
Unda “Mehnat qonunchiligi me’yorlarini sud amaliyotida qo‘llash va mehnat nizolarining oldini olish”, “O‘zboshimcha qurilmalar hamda davlat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash” va “Yer uchastkasidan foydalanish huquqiga doir sud amaliyoti” kabi mavzularda tushunchalar berildi.

– 2024 yil davomida ma’muriy sudlarda jami 866 ta ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bilan bog‘liq ishlar ko‘rib tamomlangan, – deydi Navoiy viloyat sudi raisining o‘rinbosari Ixtiyar Kasimov. – Ushbu ishlarning 64 tasi hokim qarorini haqiqiy emas, deb topish bilan bog‘liq bo‘lsa, 31 tasi mahalliy hokimlik mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi)ni qonunga xilof, deb topish haqidagi ishlarni tashkil etgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan esa 2024 yil davomida mehnat munosabatlariga doir 1045 ta fuqarolik ishi ko‘rilgan bo‘lib, ularning 627 tasi bo‘yicha da’volar qanoatlantirilgan. Ko‘rilgan ishlarning 633 tasi ish haqini undirish, 183 tasi ishga tiklash, 66 tasi ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etganlik holati, 28 tasi mehnat ta’tili berish va qolgani boshqa toifadagi mehnat nizolarini tashkil etadi.

– Ishga tiklash haqidagi da’volar bo‘yicha ko‘rilgan 183 ta ishning 75 tasi yuzasidan ish beruvchilarning buyruqlari g‘ayriqonuniy deb topilgan, – deydi Navoiy viloyat sudining sudyasi Anvar Shukurov. – Yakunlangan yilda ko‘rilgan ishga tiklash haqidagi nizolarning 18 tasi tijorat banklari, 15 tasi ichki ishlar organlari, 15 tasi sog‘liqni saqlash vazirligiga tegishli quyi bo‘g‘in tashkilotlari, 10 tasi maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari, qolganlari boshqa davlat idoralari va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mehnat nizolari yuzasidan ish beruvchilardan xodimlar foydasiga 3 milliard so‘mdan ortiq ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda qariyb 1,1 milliard so‘m miqdorida ma’naviy zarar uchun kompensatsiya undirish belgilangan.
Tadbirda mahalliy davlat hokimiyati organlari, kadastr idoralarining da’volari bo‘yicha ko‘rilgan ishlarning statistik tahlillari haqida ham ma’lumotlar berildi.
Seminar davomida sudyalar ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytardi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri