Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar daxlsizligini ta’minlamay turib, sud mustaqilligiga erishib bo‘lmaydi
11:53 / 2022-09-30

Hozir davom etayotgan konstitutsiyaviy islohotlarda sud tizimini isloh qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Unga ko‘ra, amaldagi Konstitutsiyaning 112-moddasiga ham yangi qism qo‘shilishi ko‘rib chiqilmoqda: “Davlat sudya va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlaydi (112-modda)”.

SUD TIZIMINI ILOH QILISH – PREZIDENT ILGARI SURGAN 5 TA ASOSIY VAZIFADAN BIRI... 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan 5 ta asosiy vazifadan biri  sud tizimini isloh qilish ekanini ma’lum qilgan edi. 

bugungi kunda O‘zbekistonda har bir shaxs huquqlarini shaxslar emas, qonun, odil sud himoya qila olishiga, har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishiga erishishimiz lozim. Shundagina sud tizimi boshqa sohalarning rivojiga ham poydevor bo‘lib xizmat qiladi. 

O‘z navbatida sudyalarning chinakam mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash zaruriy talab hisoblanadi. Shuningdek, sudya va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlamasdan turib, sudyalarning chinakam mustaqilligiga erishib bo‘lmaydi. 

YANGI KONSTITUSIYAVIY NORMA BIZGA NIMA BERADI? 

Hozir amaldagi Konstitutsiyaning 112-moddasiga ham yangi qism qo‘shilishi ko‘rib chiqilmoqda. Unga ko‘ra: «Davlat sudyaning va uning oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlaydi». 

Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgartish bilan sudyalar mustaqilligi va odil sudlov tizimining konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlanmoqda. 

Ma’lumki, odil sudlovni amalga oshirish jarayonida sudyaning o‘zi va uning oila a’zolari hamda ularning mol-mulkiga nisbatan turli tahdidlar bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda sudya doim xavotirda bo‘lishi tabiiy. Bu esa, o‘z navbatida, sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat bo‘lishiga to‘sqinlik qilishi aniq. 

Shu sababli sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanishi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini har doim his qilib turadigan huquqiy mexanizm barqaror ishlashi lozim. 
Yuqoridagilardan kelib chiqib, sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlashning muhim shartlaridan biri — sudya va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlash davlatning majburiyati sifatida Konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda. 

AMALDAGI QONUNCHILIK 

Prezident tomonidan 2021 yil 28 iyulda imzolangan O‘zbekiston Respublikasining «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunida sudyalar mustaqilligining asosiy kafolatlaridan biri sifatida sudya, uning oila a’zolari va ularning mol-mulki davlatning alohida himoyasida bo‘lishi mustahkamlangan. 
Ta’kidlash joizki, sudyaning daxlsizligi turar-joyiga, xizmat xonasiga, u foydalanadigan transport vositasi va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqli hisoblanadi. 

SUDYALARNING SHAXSIY XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH MASALASI QANDAY AMALGA OSHIRILADI? 

Sudyalarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha saqlash, olib yurish va undan foydalanish huquqi bilan xizmat quroli hamda shaxsiy himoya vositalari beriladi. 
Yana qo‘shimcha ravishda aytish mumkinki, zarur hollarda tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi sudya va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratishi ham qonunchilikda belgilangan. 

SUDYALARNING VA SUD PROSESSLARINING XAVFSIZLIGINI TA’MINLASHGA KIM MAS’UL? 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlash departamenti sudyalarning xavfsizligi bo‘yicha ishlarni tashkil etadi. 

XULOSA 

Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgartish sudyalar mustaqilligi va odil sudlov tizimining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

 

Bekzod NARIMONOV, 
Toshkent davlat yuridik universiteti 
kafedra mudiri