Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar daxlsizligiga daxl qilish qonunni rad etish emasmi?
21:45 / 2020-07-14

Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov Sirdaryo viloyati Guliston shahrida haqiqatan sudyaga nisbatan qoʻpollik qilinganini tasdiqladi.

Kuni kecha Guliston shahriga kirishdagi blok-postlardan birida sudyaga nisbatan qoʻpollik qilingani, hatto uni shaxsiy avtomashinasidan tushirib, kuch ishlatilgani haqida bizga xabarlar kelgan edi.

Zoʻrovonlikka uchragan navbatdagi sudya kim va nima uchun aynan unga blok postda qoʻpol muomalada boʻlishdi? Savolimizga javob topish maqsadida rasmiy manbalarga qilgan murojaatlarimizga nihoyat javob oldik.

Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov Sirdaryo viloyati Guliston shahrida haqiqatan sudyaga nisbatan qoʻpollik qilinganini tasdiqladi.

Maʼlum boʻlishicha, 2020-yil 13-iyul kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashev oʻzining boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashinasida doimiy yashash joyidan ish joyiga kelish maqsadida Guliston shahar hududiga kirishda oʻrnatilgan “karantin blok posti” yoʻnalishida hosil boʻlgan tirbandlikda taxminan 8.40 dan 09.35 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida kutib turgan.

Lekin u ishga borishi shart boʻlgani uchun blok post tomon harakatlangan. Shunda IIB va Milliy gvardiya xodimlari “viloyat hokimi kelayotganligi sababli” shahar hududiga kiritish umuman taqiqlanganini aytishgan.

A.Ergashev oʻzining sudya ekanini maʼlum qilib, ularga oʻzini tanishtirib, xizmat guvohnomasini koʻrsatib, ishga ketayotganligini bildirib, oʻtkazib yuborishni iltimos qilganida, blok postdagi IIB va Milliy gvardiya xodimlari sudyaga nisbatanqoʻpol muomalada boʻlib, uning avtomashinasini qoʻli bilan urib, tezroq bu joydan boshqa yoʻnalishga qarab harakatanishni talab qilishgan.

Shunda A.Ergashev shahar hududiga ishga borish uchun kirishini bildirganiga qaramasdan, unga 3-4 xodim kuch ishlatib, avtomashinasidan majburan tushirib, uni chetga olib oʻtib, uning shaxsi, sudyalik lavozimi va qadr-qimmatini haqorat qilib, unga tan jarohati yetkazgan hamda sudyaning shaxsiy mulki hisoblangan avtomashinani esa notanish IIB xodimi boshqarib, voqea joyidan 250-300 metr joyga yoʻlning chetiga olib borib, ochiq holda tashlab ketgan.

A.Ergashev viloyat sudiga kelib, sogʻligʻi yomonlashayotgani sababli tez tibbiy yordam chaqirtirgan. Tez tibiiy yordam xodimlari kelib A.Ergashevning tanasidagi jarohatlarni koʻzdan kechirgan va uning qon bosimi koʻtarilganligini aytib, zudlik bilan birinchi tibbiy yordam koʻrsatgan. Keyin u tez tibbiy yordam avtomashinasida viloyat shifoxonasining Shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga olib ketilgan.

Tibbiy muassasaning huquqni muhofaza qiluvchi organga bergan maʼlumotiga asosan hamda Guliston shahar prokuraturasi tergovchisining sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlash haqidagi qaroriga asosan A.Ergashevning olgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun ekspertiza tayinlangan.

Prokuratura organi tomonidan mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 2020 12-iyul kuni OʻzA saytida “Jarqoʻrgʻonda sudyalar omma oldida obroʻsizlantirildi, sud xodimi esa doʻpposlandi” sarlavhali maqola eʼlon qilingan edi. Unda Jarqoʻrgʻon tumani markaziga kirishdagi blok postlardan birida sud xodimlarining harakatlanishiga toʻsqinlik qilinib, sudyalar obroʻsizlantirilgani, haydovchilardan biriga tan jarohati yetkazilgani bayon etilgan edi.

Bu voqea jamoatchilik hamda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan keng muhokamaga sabab boʻldi. Keng jamoatchilik buni sudyalar daxlsizligini buzish sifatida baholamoqda. Mazkur holat ayni paytda viloyat prokuraturasi tomonidan oʻrganilmoqda, Bosh prokuratura nazoratiga olingan.

- Sudyalar daxlsiz ekanligi, ularning faoliyatiga toʻsqinlik qilish taqiqlanishi nafaqat Konstitutsiyada, balki boshqa qonunlarda ham mustahkamlab qoʻyilgan, – deydi Oliy sud mutbuot xizmati rahbari Aziz Obidov. – “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunda sudyalarning daxlsizligi kafolati bayon etilgan hamda sudyalar daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik mavjudligi nazarda tutilgan. Hatto sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilganlik uchun ham javobgarlik mavjud. Jamiyatda qonuniylikni taʼminlashga masʼul boʻlgan organ xodimlarining bu meʼyorlarni buzishi qoʻpol qonunbuzarlik hisoblanadi. Albatta, sudyalar bilan bogʻliq ravishda roʻy bergan noxush holatlar qonuniy yechimini topadi.

Donishmandlardan biri “Sudya gapirayotgan qonun, qonun esa tilsiz sudyadir”, deb qayd etgan edi. Sudyalar daxlsizligiga daxl qilish qonunni rad etish emasmi?

Voqealar rivojini kuzatamiz. Yuqoridagi holatlarga qonuniy baho berilishi bilan bogʻliq tafsilotlar bilan OʻzAda tanishasiz.