Davlatimiz rahbarining “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, sudyalarni navbatdagi 10 yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibi bekor qilinadi. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab 5 yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi belgilanadi.
Tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni aniq mezonlarga ko‘ra sudyalar orasida ochiq tanlov asosida tanlash tartibi o‘rnatiladi.
Sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlari qonun darajasida belgilanadi.
Sudyalar oliy kengashining doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga nomzodlar tegishli sud sudyalari malaka hay’atlari tomonidan tavsiya etiladi.
Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 7 yil ishlagan sudyalar nomzodi ko‘rsatilishi mumkin.
Farmonga ko‘ra, Sudyalar hamjamiyati organlarining mustaqilligini oshirish maqsadida Kengash va Sudyalar oliy malaka hay’atining qo‘shma yig‘ilishini o‘tkazish tartibi bekor qilinadi.
Kengash raisiga, uning konstitutsiyaviy maqomidan kelib chiqib, sudyalarga nisbatan malaka hay’atlari tomonidan intizomiy ish asossiz tugatilgan yoki intizomiy jazo sodir etilgan qilmishga mos emas deb topilganda, malaka hay’atlarining qarorlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taqdimnoma kiritish, kengashning tuzilmasi va shtat jadvalini belgilangan shtat birliklari doirasida mustaqil tasdiqlash vakolatlari beriladi.
2025 yil 15 dekabrgacha Kengashning rasmiy veb-saytida sud tizimida mavjud bo‘sh rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga oid ma’lumotlar hamda ularni egallash uchun tanlovda ishtirok etish tartibi, sud tizimida sudyalik lavozimlari, shu jumladan, rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash hamda tayinlash bo‘yicha barcha bosqichlarga oid ma’lumotlar ochiq e’lon qilib boriladi.
N.Abduraimova, O‘zA