Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalar brifing o‘tkazdi
16:09 / 2024-10-11

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ko‘ra endilikda sudyalar aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etishi, shuningdek, jamoatchilikni har chorakda sudning faoliyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishi belgilab qo‘yildi.

Shu sababli Sirdaryo viloyati sudi hamda viloyat ma’muriy sudi 2024 yilning 9 oyi davomida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati bo‘yicha OAV va ijtimoiy tarmoq faollariga ma’lumot berdi.

Brifing ko‘rinishidagi mazkur muloqotlar avvalida qonunchilikdagi ushbu yangilik sudlar qanchalik qonuniy, asosli, adolatli qaror qabul qilayotgani haqida ommani tanishtirib borishda muhim mexanizm ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

– Masalan, Sirdaryodagi sudlar faoliyatida shov-shuvli hukmlar bilan bir qatorda xalqning ishonchiga sazovor bo‘layotgan qarorlar ham qabul qilinyaptiki, sudya nega aynan shunday qarorga kelganligini jamoatchilikka ochiqlashida bu amaliyot qo‘l kelmoqda. Chunki chiqarilgan qaror yoki hukm haqida sudyaning o‘zigina batafsil tushuntirish berishga vakolatli, – deydi mazkur brifingda ishtirok etgan viloyat sudi raisining o‘rinbosari Bobosher Qurbonov.  

Xususan, Sirdaryo viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada 1 938 nafar shaxsga nisbatan 1 412 ta jinoyat ishi, 1 828 ta material ko‘rib tamomlangan bo‘lsa, sudlar tomonidan 7 nafar shaxsga nisbatan 7 ta jinoyat ishi yuzasidan oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lib, shundan 2 nafar shaxsga nisbatan 2 ta jinoyat ishi apellyatsiya instansiyasida, 5 nafar shaxsga nisbatan 5 ta jinoyat ishi kassatsiya instansiyasida ko‘rilib, shaxslar oqlangan.

–Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan jami 38 471 ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlari nizo turi bo‘yicha tahlil qilingan-da, kredit qarzdorligini hamda qarz undirishga oid ko‘rilgan ishlar 22,5 foizni (1549 ta), nikohdan ajratish haqidagi ishlar 20,1 foizni (1390 ta), oilaviy nizolar 16,9 foiz (1166 ta, nikohdan ajratish haqidagi da’volardan tashqari), mehnat nizolari 2,7 foiz (187 ta), alohida tartibda ko‘riladigan ishlar 6,6 foiz (457 ta), yer nizolari 2,9 foiz (202 ta), uy-joy bilan bog‘liq nizolar 8,9 foiz (606 ta)ni tashkil etgan,– deya OAV ga statistik ko‘rsatkichlarni ochiqladi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Anvar Jo‘raboyev.  

– Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda tumanlararo sudlari tomonidan joriy yilning bugungi kuniga qadar iqtisodiy sudlar tomonidan jami 8934 ta iqtisodiy ish ko‘rilib, mazmunan yakunlangan. 2023 yilning shu davri bilan taqqoslanganda ishlar birmuncha ko‘p ko‘rilgan, shundan asosan kontraktatsiya shartnomasiga yuzasidan 892 taga, banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish haqidagi nizolar 1541 taga, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish yuzasidan 36 taga, mahsulot yetkazib berish shartnomasi bo‘yicha nizolar 31 taga, lizing shartnomasi bo‘yicha nizolar 36 taga, oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha nizolar 22 taga, haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha 24 taga, ijara shartnomasi bo‘yicha 14 taga, atrof muhitni muhofaza etish haqidagi qonunlarni buzilishi yuzasidan 10 taga ko‘paygan bo‘lsa, korxonalarni bankrotligiga oid nizolar 538 taga, kredit shartnomasiga oid nizolar bo‘yicha 190 taga, kommunal xizmat ko‘rsatish shartnomasiga oid 186 taga, moliyaviy jarima qo‘llashga oid nizolar 144 taga, pudrat shartnomasi yuzasidan 23 taga kamaygan.

Iqtisodiy ishlarni ko‘rish natijasiga ko‘ra, 1483 ta tadbirkorlik sub’ekti foydasiga 40 401 850 ming  so‘m undirish haqida hal qiluv qarorlari qabul qilingan, – deya faoliyat tahliliga to‘xtalib o‘tdi viloyat sudi raisining o‘rinbosari Akmal Rahimov.

–Viloyat ma’muriy sudida ko‘rilgan ish toifalari tahlili shuni ko‘rsatdiki, 364 ta ommaviy nizodan aksariyat qismi, ya’ni 146 tasi mahalliy hokimlar, 65 tasi soliq organlari mansabdor shaxslari, 50 tasi kadastr organlari mansabdor shaxslari, 47 tasi majburiy ijro byurosi davlat ijrochilarining qarorini haqiqiy emas deb topish, mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi)ni qonunga xilof deb topish haqidagi ishlarga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, ommaviy nizolarning 12 tasi FHDYO mansabdor shaxslarining harakatini qonunga xilof deb topish, 9 tasi BTPJ, 8 tasi davlat xizmatlari markazlari, 6 tasi notarial organlar, 6 tasi Xalq deputatlari Kengashlari, 2 tasi monopoliyaga qarshi kurashish organi, 2 tasi qurilish organi, 11 tasi boshqa organlar mansabdor shaxslarining qarorini haqiqiy emas deb topish, mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi)ni qonunga xilof deb topish haqidagi ishlarga to‘g‘ri kelgan, – dedi o‘z ma’ruzasida viloyat ma’muriy sudining sudyasi Nurulla Abdullayev.

Brifingda  faoliyat tahlilidan tashqari jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan qator savollarga ham javob berildi.    

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri