Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni sud-huquq tizimiga doir qonunchilikdagi yangiliklar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Urganch davlat universitetida yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudining raisi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida yoshlar o‘rtasida sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar tahliliga to‘xtalib, jinoyatga sabab bo‘layotgan omillar misollar bilan ko‘rsatib o‘tildi.
– Mazkur uchrashuvni o‘tkazishdan asosiy maqsadimiz yoshlarmizning huquqiy bilimlarini oshirish, ularni sudlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdir, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudi raisi Inomjon Usmonov. – Muloqotlarda mamlakatimizda inson qadri va manfaatlariga qaratilgan islohotlar, har bir shaxsning buzilgan huquqini himoya qiluvchi odil sudlov tizimi, sudlarga murojaat qilish tartibi va sud interaktiv xizmatlaridan foydalanish haqida ma’lumot berishga harakat qilyapmiz.
[gallery-25620]
Ochiq va samimiy o‘tgan uchrashuvda odam savdosi, bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish kabi jinoiy harakatlar hamda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarning salbiy oqibatlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya, Konstitutsiyamiz va milliy qonunchiligimizda inson huquqlarini himoya qilish asoslari aniq belgilab qo‘yilganligi ta’kidlandi.
– Ushbu uchrashuvda ishtirok etib, sudyalik kasbining mashaqqati, davlat nomidan qaror qabul qilishning mas’uliyatini angladim, – deydi UrDU talabasi Sirojiddin Nurillayev. – Sudga nizolashib kelgan ikki tarafdan kim haq ekanligini aniqlash, ularga qonun talablarini to‘g‘ri tushuntira olish jarayonlari kabi sudyalarning kundalik faoliyatidan o‘rin olgan ishlar aniq misollar bilan bizga tushuntirildi. Shuningdek, sud tizimida “Raqamli sud” konsepsiyasi joriy etilayotganligi va uning fuqarolar uchun qanday qulaylikka ega ekanligini ham bilib oldik.
Tadbirda tengdoshlari orasida jinoyat sodir etilish holatlarining oldini olish bo‘yicha ishtirokchilarning fikri va takliflari ham eshitildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari