Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudya taklifi: Internetdagi zararli dorilar targ‘iboti uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi kerak
09:38 / 2024-01-09

Giyohvandlik vositalari analoglari hisoblangan turli xil “dori”larni iste’mol qilish holatlarining ko‘payib borayotgani sir emas.

Bu kabi “dori”larni uzoq vaqt davomida iste’mol qilish oqibatida qayta qabul qilish istagi paydo bo‘lib, qaramlik sindromi yuzaga keladi. Mutaxassislarning fikricha, bu hol odam ruhiyatini izdan chiqarib, xotirani sustlashtiradi.  

Amaliyot tahlili shuni ko‘rsatganki, aksariyat hollarda bu kabi “dori”lar vazn tashlash, mushaklarni chiqarish, soqol o‘stirish niqobi ostida internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilinmoqda.  

Shu sababli Qashqadaryo viloyati sudi sudyasi Shahzod Baxtiyorov muhim taklifni ilgari surdi.  

– Amaldagi qonun hujjatlarida ijtimoiy tarmoqlar, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda  dori vositalarini targ‘ib qilganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan, – deydi Sh.Baxtiyorov.  – Shu bois, Jinoyat kodeksining 273 va 274-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni taklif qilamiz.  

Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismiga “ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar “Telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa”, degan jumlani kiritish va 6-qismni 7-qism deb o‘zgartirish zarur.  

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 274-moddasini yangi 3-qism bilan to‘ldirish, “ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlar “Telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa”, degan qo‘shimcha kiritish lozim.  

Bunday jinoiy javobgarlikning kiritilishi jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy asosini yana mustahkamlashi barobarida, aholi, xususan, yosh avlod salomatligini asrab-avaylash, sog‘lom turmush tarzi qaror topishiga xizmat qiladi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA