Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudya nafaqat adolatni ta’minlovchi, balki uning timsoli bo‘lishi kerak
12:42 / 2023-10-18

“O‘zbekiston Respublikasi nomidan...”. Bu zalvorli so‘zlarni ko‘proq sudyalar aytadi. Shuning o‘ziyoq ularning zimmasidagi yuksak mas’uliyatni ko‘rsatib turibdi. Zero, Vatan nomidan yolg‘on gapirish, nohaq so‘z aytish mumkin emas. Demak, sudya nafaqat adolatni ta’minlovchi, balki uning timsoli bo‘lishi kerak.

Ana shu zalvorli so‘zlarni ishonch bilan aytib yurgan, o‘n yillik sudyalik faoliyati davomida o‘z kasbiga dog‘ tushirmagan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi sudyasi Dilfuza Dadajonovaning bir ish kuni bilan tanishib, u bilan  sud tizimidagi o‘zgarishlar, sudyalarga qo‘yilayotgan talablar, sud amaliyotiga tatbiq etilayotgan elektron sudlov haqida suhbatlashdik. 

Ma’lumot uchun: Dilfuza Dadajonova 1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1999 yilda o‘rta maktabni tamomlab, Toshkent davlat yuridik instituti (hozirgi TDYUU)ga o‘qishga kirgan. 

D.Dadajonova 2018 yilda ilk bor besh yil muddatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanalararo sudiga sudya lavozimiga tayinlangan. Hozir esa 10 yillik mudatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining  sudyalik lavozimiga tayinlangan. 

– Sud-huquq sohasi, aynan sud tizimida juda katta islohotlar amalga oshirildi. Bu amalga qanday ishlayapdi? 

– Odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha juda ko‘p islohotlar amalga oshirildi, bu jarayon davom etmoqda. Bularning barchasi sud hokimiyatining mustaqilligini amalda ta’minlash, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan. 

Sudyalar ishni ko‘rib chiqayotganda, haqiqatan, har qanday bosimdan holi ekanligini his qilishi juda muhim. Shundagina u  faqat qonun asosida ish ko‘rib, adolatli qaror chiqaradi. 

Sohadagi islohotlar sudyalarning mustaqilligini  ta’minlash, ya’ni ularni faqatgina qonunga asoslangan holda, Konstitutsiyaga rioya etgan holda, inson qadrini ulug‘lagan holda faoliyat yuritishiga asos yaratib berdi.

Buni nimalarda ko‘rish mumkin?  Birinchi galda sudyalarga nomzodlarni tanlash, ularni sudya sifatida dastlab besh yil, keyin o‘n yillik muddatga va muddatsiz davrga tayinlash tartibi joriy etildi.  

Yana bir islohot – sud ishlarini oshkora ko‘rishga, fuqarolarga sudlarda bo‘layotgan jarayonlarni yoritib berishga, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ochiq - oshkora ko‘rilishiga imkoniyat yaratib berildi.

Bundan asosiy maqsad – shaffoflik orqali adolatni  ta’minlashdir.

– Ilgari sudyalar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ish ko‘pligini, ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish imkonsiz ekanini ko‘p aytgan. Hozir vaziyat qanday? Sud tizimining zamonaviylashayotgani, elektron sudlov imkoniyatlari sudyalar ishini yengillashtirdimi? 

– Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ishlar doim ko‘p bo‘lgan. Sud tizimida qulayliklar ko‘paygani bilan fuqarolik ishlarining qamrovi ham kengayib bormoqda. Xilma-xil munosabatlar, xususiy mulkchilik shakllari rivojlanib borishi ortidan murojaatlar son jihatdan ko‘payib bormoqda. 

To‘g‘ri, sohaga raqamlashtirish keng joriy qilinmoqda. Arizalarni qabul qilishning qog‘oz shaklidan voz kechilib, elektron shaklga o‘tkazilmoqda. Shuning o‘zi ham sudlardagi qog‘ozbozlikni keskin kamaytirdi. 

– Sud jarayonlarida odamlar bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘lasiz. Aytingchi, fuqarolar dunyoqarashi, huquqiy ongi darajasida o‘zgarishlar bo‘lyapdimi? Ular sudlarga asosan  qanday masalalarda murojaat qilmoqda? 

- Albatta, odamlarda huquqiy ong darajasi o‘sib bormoqda. Har bir sud majlisida bu masala e’tiborimizda turadi. Chunki sudyaning vazifasi faqat ishni qonun asosida ko‘rib chiqishgina emas, tomonlarga o‘z huquqini tushuntirish, ularning huquqiy bilimi, madaniyati oshishiga ko‘mak ko‘rsatish hamdir. 

Aytib o‘tish kerakki, hozirgi kunda uy-joy masalasi bilan bog‘liq nizolar nisbatan ko‘proqni tashkil etmoqda. Yangi binolar qurilishi ortidan uy-joyi buzilgan, kompensatsiya olmaganlar huquqlarini tiklashni so‘rab sudga murojaat qilmoqda. Auksion, elektron savdo-sotiq bilan bog‘liq munosabatlarda ham nizolar ko‘p uchramoqda.  

Murojaatlar qanday mazmunda bo‘lmasin, ularning yil sayin ko‘payib borayotgani odamlarimizning huquqiy ongi oshganidan dalolat hamdir. Bu, albatta, tabiiy va quvonarli hol. 

Chindan ham fuqaro buzilgan fuquqini sud orqali himoya qilishga harakat qilishi ijobiy ko‘rsatkich. Aksincha bo‘lsa, odamlar “samosud” orqali bir-biriga zarar yetkazishi, bu esa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. 

– Ma’lumki, sudda doim ikki tomon ishtirok etadi. Ulardan biri esa yutqazishi va norozi bo‘lishi tabiiy hol. Ba’zan alamzada bo‘lgan odamlarning sud, sudyalarga nisbatan qo‘pol fikrlar bildirganiga duch kelamiz. Shunday vaziyatda qanday yo‘l tutasiz? 

– Haqiqatan, sudda yutqazgan taraf baribir norozi bo‘ladi. Kayfiyati buzilib, jahl ustida har qanday usuldan foydalangisi keladi.

Avvalo, sud majlisi yakunlanganda sud qarorini tushuntirishga, yuqori instansiyalarga murojaat qilish mumkinligini batafsil tushuntiramiz. 

Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda bo‘hton tarqatishga harakat qiladigan shaxslar uchrab turadi. Mening fikrimcha, bunday vaziyatda sudya vazmin bo‘lishi zarur. Sudya huzuriga kelib kimdir janjal ko‘tarsa ham u muomala madaniyatidan aslo chetga chiqmasligi kerak. 

Qahramonimiz haqida fikr bildirgan hamksblari ham Dilfuza timsolida namunali sudya, haqiqatparast huquqshunos, ishonchli do‘st mujassam ekanini aytishdi. 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi raisi Bekzod Sagatovning aytishicha, Dilfuza Dadajonova sudya sifatida juda mas’uliyatli. Adolatli, har bir ishni ko‘rganda maslahatlashib, bilim doirasini oshirib, nizoli vaziyatlarda kollegial usulda muammoni yechishga harakat qiladi. Fuqarolar bu sudya haqida faqat iliq fikrlar bildirgan, ustidan shikoyat kelib tushmagan. O‘z kasbining fidoyisi.  

Xulosa o‘rnida aytib o‘tish joizki, har bir kasb egasi kim bo‘lishidan qat’iy nazar, avvalo, insondir. Uning o‘z hayoti, orzu-umidlari bo‘ladi. Dilfuza Dadajonova ish faoliyatida erishgan yutuqlarida  oila a’zolari, turmush o‘rtog‘i va ota-onalarining qo‘llab- quvvatlashi katta o‘rin tutganini aytib o‘tdi. Uning uch nafar farzandi bor va ular ayni paytda oliy ta’lim dargohlarida tahsil olmoqda. Dilfuza barcha onalar kabi farzandlari kamolini ko‘rish, ularning yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishishlarini orzu qiladi. Bo‘sh vaqtlarini oila davrasida o‘tkazishni, shirin taomlar tayyorlashni, sayr qilish va kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/f8ikHTe2OiE" title="Sudya nafaqat adolatni ta’minlovchi, balki uning timsoli bo‘lishi kerak" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Norgul Abduraimova, Doniyor Yakubov (video), O‘zA