-
Adolat bu – davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi.
Shavkat Mirziyoyev
So‘nggi yillarda inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarni sudlarga va shu orqali adolatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil olib borilmoqda.
O‘tgan yetti yil davomida sud-huquq sohasini isloh etish va uning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida 50 ga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani fikrimizni tasdiqlaydi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Yangi o‘zbekistonda sudlar mustaqilligining ta’minlanishi natijasida, 2019 yilda 3080 ta, 2020 yilda 3434 ta, 2021 yilda 5930 ta, 2022 yilda 8453 ta va 2023 yilda 7362 ta shaxslar sud zalidan ozod etilgan. Shuningdek, 2017-2023 yillar davomida jami 5956 nafar shaxs sudlar tomonidan oqlangan.
To‘g‘ri, raqamlarni keltirish oson. Bunga oddiy holat sifatida qaraydiganlar ham topiladi. Sud kimnidir oqlabdi desa, qo‘l siltab qo‘yadiganlar yo‘q deb, o‘ylaysizmi? Biroq, bundan atigi 7-8 yil muqaddam sud tomonidan biron bir shaxs oqlansa, bunga “fojia” sifatida qaralgan. Ayrim mutasaddi tashkilotlar “sudyani jazolash taraddudiga” tushib qolgani ham bor gap. Achinarli tomoni ayblanuvchini oqlagan sudya kamida intizomiy jazoga tortilgan, yo “o‘z arizasiga” asosan ishdan ketgan. Agar, ishda qolgan taqdirda ham u “shubha” ostida bo‘lgan.
U davrlar o‘tdi. Zamon o‘zgardi. Odamlarni sudlarga ishonchi kundan kunga ortib bormoqda. Avvallari, “ishni sudgacha bitkaz, bo‘lmasa qamalasan” deganlar, endi “tergovchi nima desa-desin, ishni sud adolatli hal qiladi”, deb aytishmoqda.
Albatta, bular shunchaki bo‘layotgani yo‘q. Mamlakatimiz Prezidentining “Agar odamni eng katta qadriyat qilib yuqoriga qo‘ymasak, biz xato qilaveramiz” degan ko‘rsatmasiga asosan, sudlar ham odamlarga eng katta qadriyat sifatida qaramoqda. Buning natijasida turli ayblovlar bilan nohaqdan “qora kursiga” o‘tirganlar odil sudlov tomonidan oqlanmoqda. Adolat - qaror topmoqda.
Bilasiz hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Aksincha, shaxs dunyoga kelgach jinoyatga moyil bo‘lib boradi. Demak, bu jamiyatning ma’lum bir hosilasidir. Ta’bir joiz bo‘lsa, jinoyatchini ham jamiyat “tarbiyalaydi”. Buni barchamiz tushunib yetmoqdamiz. Jumladan sudyalar ham. Shuning uchun “ayblov kursida” o‘tirgan shaxsga sudlar avvalo, ularni jinoyatchi deb, emas, balki aksincha, shu “jamiyatning a’zosi, uning hosilasi” sifatida qaramoqda. Jamiyatda begona inson bo‘lmaydi. Shu yurtni yaxshisi ham, yomoni ham bizniki. Aytmoqchimizki, dunyo arenalarida fan, ta’lim, sport sohasida katta yutuqlarga erishib, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarayotgan o‘g‘il-qizlarimizdan qanchalik faxr tuyg‘usini his etayotgan bo‘lsak, jinoyat yo‘liga kirgan yoshlarga ham shunchalik qayg‘urmog‘imiz kerak.
Esingizda bo‘lsa, Prezidentimiz Toshkent viloyati, Olmaliq shahri faollari bilan uchrashuvda: “…biz xalqning chidaganiga sajda qilib, ta’zim qilib, kechirim so‘rashimiz kerak. Bu yuragimdagi gaplar, uni birov yozib bera olmaydi menga. Kechirim so‘rashimiz kerak, hali bizning noinsoflarga chidaganiga…”, - degan edilar. Bu gaplar zamirida Prezidentimiz nimani nazarda tutgan edilar? Xalqimiz shu vaqtga qadar nimaga chidam keldi? Bizningcha, adolatsizlikka, o‘zi bo‘larchilikka, mansabini suiiste’mol qilayotgan poraxo‘rlarga, dardini eshitmagan mansabdorlarni o‘zi bo‘larchiligiga deb, o‘ylaymiz.
Jamiyatimizda chuqur ildiz otgan shu kabi illatlar, shuningdek adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda sud hokimiyatini alohida o‘rni e’tiborga olinib, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonning qabul qilinishi yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi va sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi.
Farmonga muvofiq, nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, sudyalarning mazkur jarayondagi ishtirokini kengaytirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan organning maqomi hamda vakolatlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi.
Sudyalar oliy kengashiga sudyalik lavozimlariga malakali mutaxassislar orasidan ochiq va shaffof tanlov asosida sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalar daxlsizligi buzilishini va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, nomzodlar va sudyalarning kasbiy tayyorgarligini tashkil etish, aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish vazifalari yuklatildi.
Sudyalar oliy kengashiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi sudyalari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislaridan tashqari barcha sudyalarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga tayinlash va lavozimlardan ozod etish bo‘yicha vakolatlar berildi.
Eng muhimi, sudyalarni lavozimga tayinlash institutini takomillashtirilishi shunchaki siyosat uchun emas, balki, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim sharti sifatida qaraldi. Sud islohoti “sudya mustaqil bo‘lsagina, sud mustaqil bo‘ladi” degan, oddiy tamoyilga asoslandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zi aslida ham shunday.
Islohotlar samarasi o‘laroq, sudyalar oliy kengashi tomonidan bugungi kunda Xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, irodasi mustahkam, yuksak kasb va ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan sud xodimlari tarkibi shakllantirilmoqda. Shu ma’noda o‘z sohasini yaxshi bilmaydigan, puxta kasb va hayot tajribaga, yuksak ma’naviy-axloqiy saviyaga ega bo‘lmagan, yana ham aniqrog‘i odamlarni oliy qadriyat deb bilmaydigan yurist kadrlarni hech qachon sudya lavozimiga tayinlanmaslik choralari ko‘rilmoqda.
Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘tgan qisqa davrda sudyalar mustaqilligini ta’minlash maqsadida muhim qadamlar tashlandi. Masalan, xalqaro tajriba inobatga olingan holda sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz davrga tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi tartib joriy qilindi. Bu bilan avvalgidek, sudyalik muddati tugagan sudyani qaysidir idorani tavsiyasini olish, kimningdir qosh-qabog‘iga qarashiga hojat qolmadi.
Sudyani navbatdagi sudyalik lavozimiga tavsiya etish bilan bog‘liq masalani ko‘rib chiqish xolis organ Sudyalar oliy kengashi ixtiyoriga berildi. Sudyani sudyalik lavozimga loyiq yoki loyiq emasligiga oid masalani sudyalarning oliy hamjamiyati hal etadigan bo‘ldi. Sudyaning mustaqilligi uchun bu amaliyot juda muhimdir.
Shuningdek, sudyalarni moddiy va ijtimoiy himoyasi masalalari qayta ko‘rib chiqildi. Chunki, sudyani kimgadir moddiy jihatdan tobe qilib, undan adolatli qaror qabul qilishni talab qilish bu o‘ta kulgili holat bo‘lar edi. Aynan shuning uchun ham davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan sudyani moddiy mustaqilligini ta’minlash borasida katta islohotlar qilindi.
Yana bir muhim masala. Sudyalik lavozimiga qo‘yiladigan talablarga asosan o‘ttiz besh yoshga to‘lgan, oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lishi mumkinligi belgilandi. Ya’ni, sudyaning yosh senzi qat’iy belgilab qo‘yildi. Buning ahamiyat shundaki, ertaga kimnidir qilmishi uchun jazo tayinlaydigan shaxs o‘zi ham ma’lum ma’noda hayot tajribasiga ega bo‘lishi mumkin degan qat’iy to‘xtamga kelindi.
Xuddi shuningdek, o‘ttiz besh yoshga to‘lgan va yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida yetti yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxs tumanlararo, tuman, shahar sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi bo‘lishi hamda yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida o‘n besh yillik ish stajiga, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida yetti yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi bo‘lishi mumkinligi belgilangan. Demak, Oliy sud sudyasi bo‘lish uchun qoida tariqasida nomzodning yoshi kamda 42 da bo‘lishi talab etiladi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimiga nomzodga qo‘yilgan talablarda uning yosh senzi belgilangan va bu 35 yosh etib belgilangan. Ko‘rinib turibdiki, Oliy sud sudyasi lavozimiga saylanadigan nomzod amaldagi tartib-qoidalarga ko‘ra 42 yoshda bo‘ladi. Konstitutsiyaviy sudga saylanadigan sudya esa 35 yosh. Bizningcha, Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan yosh senzi talabini kelgusida ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Biz amaliyotni tahlil qilgan holda Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga nomozodning yosh Oliy sud sudyasi saylanadigan sudyaning yoshidan kam bo‘lmasligini taklif qilgan bo‘lar edik.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda olib borilayotgan sud islohotlarining asosiy maqsadi inson qadrini ulug‘lash va Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda odamni eng katta qadriyat qilib yuqoriga qo‘yish ekan, avvalo sudyalar mustaqilligini ta’minlash va sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash institutini yanada takomillashtirish talab etiladi. Bo‘lmasa, jamiyatda adolatsizliklarga va inson huquqlarini ta’minlashda xatoliklarga yo‘l qo‘yaverishimiz mumkin.
ABDUMANNOB RAXIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
sudyasi