Oliy sud raisining o‘rinbosari X. To‘raxo‘jayev va apparati rahbari A. Xolmaxmatov Qashqadaryo viloyati sudlarida faoliyat yuritayotgan sudya va sud xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yig‘ilishda sudya va sud xodimi, halol, haqiqatparvar, o‘zining shaxsiy manfaatlarini jamoatchilik manfaatlari bilan moslashtirib borishi, shuningdek, mehnatsevarlik, xushmomalalik, adolatlilik kabi fazilatlarni o‘ziga singdirishi va axloqiy immunitetini shakllantirishga alohida e’tibor qaratishi lozimligi ta’kidlandi.
Bugun mamlakatimizda sudya va sud xodimlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Talab etiladigan jihat esa sud qarorlarining adolatli qabul qilinishiga erishish orqali fuqarolar va tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, sudga murojaat qiluvchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda ishonchli himoya qilishdan iboratdir.
Qayd etilganidek, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan korrupsiyaviy omillarga qarshi murosasiz kurashish va jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga barcha birdek mas’ul. Bu borada esa korrupsiyaning kelib chiqishiga imkon yaratayotgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida bartaraf etish muhim sanaladi.
Tadbirda so‘z olganlar tizimda korrupsiyaning barvaqt oldini olishga e’tibor qaratishdi. Shu bilan birga korrupsiyasiz jamiyat qurishda faol ishtirok etish, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqiy ta’lim va tarbiyani kuchaytirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaning oqibatlarini hayotiy misollar va ta’sirchan vositalar orqali tushuntirish asosiy vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Sudlarda faoliyat olib borayotgan sudya va xodimlar ham o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri