English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudya erkinligi – jamiyat ishonchi va adolat mezoni
18:50 / 2025-06-16

Bilamizki, demokratik jamiyatlarda sud hokimiyatining mustaqilligi – huquq ustuvorligining asosiy ustuni hisoblanadi. Sudya o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishda har qanday tashqi ta’sirlarning oldini olishi, tahdidlar, bosim va g‘ayriqonuniy ta’sir o‘tkazishga, sud jarayoniga bevosita yoki bilvosita aralashishga qarshilik ko‘rsatishi shart. Bu nafaqat huquqiy talab, balki sudyalik burchining ajralmas qismi ham hisoblanadi.

Aynan shuning uchun ham “Sudyalar odobi” kodeksining “Sudyaning mustaqilligi” nomli 4-moddasida ushbu holatga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Quyida mazkur moddaning ikkinchi bandi borasida o‘z fikr-mulohazalarimni qisqacha bildirib o‘tsam. 

Sudyaning faqat qonun va o‘zining vijdoni asosida qaror chiqarishi – odil sudlovni ta’minlashda hal qiluvchi omildir. Agar sudya tashqi ta’sirlar, xususan, siyosiy, moliyaviy yoki shaxsiy manfaatdor tomonlar bosimi ostida qaror qabul qilsa, adolat inkor etiladi, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi susayadi.

Fikrimcha, har bir sudya o‘z faoliyatida tashqi bosimlarga qarshi qonuniy va axloqiy jihatdan bardoshli bo‘lishi, har qanday tahdid yoki ta’sir ko‘rsatish urinishlariga qarshi qat’iy pozitsiyada turishi va sud jarayoniga nomaqbul aralashuvlarni rad etishi shart.

Ta’kidlash joiz, sudyalarning mustaqilligi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida tegishli qonunlar bilan kafolatlangan. Davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek, mansabdor shaxslar, fuqarolar sudyalarni hurmat qilishlari va sudyalarning mustaqilligiga rioya etishlari shart.

Qonunga ko‘ra, sudyani chaqirib so‘roq qilish, uning ishiga aralashish, qaror qabul qilish jarayoniga ta’sir ko‘rsatish – jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Qolaversa, sudyaga nisbatan har qanday tahdid yoki bosim qilish sudning xolisligiga xalaqit beruvchi omil sifatida baholanadi.

Sudyalar o‘zining kasbiy faoliyatida tashqi ta’sirlarga qarshi turish uchun quyidagi tamoyillarga amal qilishi lozim: 

1. Qonun ustuvorligi – faqat qonunga tayanish va shaxsiy qarashlardan xoli bo‘lish.

2. Axloqiy tamoyillar – sudyalik etikasiga sodiqlik.

3. Kasbiy malaka va bilim – mustaqil qaror qabul qilish uchun zarur yuridik bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish.

4. Jamoaviy himoya – sudyalarga tajovuz va bosim bo‘lgan hollarda Sudyalar oliy kengashini xabardor qilish.

Yana bir gap: tahdidning mavjudligini tasdiqlovchi yetarli dalillar bo‘lganda, sud ishlarini hal qilishga aralashganlik holatlari haqidagi xabar bergan sudya (shu jumladan xalq maslahatchisi), uning oila a’zolari va yaqin qarindoshlarining xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan choralarni qo‘llash qonunga muvofiq kafolatlanadi. 

Sud ishlarini hal qilishga aralashganlik holatlari haqida xabar bergan sudyani tanqid qilish, uning ish faoliyatiga to‘sqinlik qilish, uni ta’qib etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, sudya mustaqilligi – bu nafaqat uning huquqi, balki jamiyat oldidagi mas’uliyati hamdir. Adolat faqatgina erkin va mustaqil sud orqali ta’minlanadi. Shuning uchun har bir sudya o‘z faoliyatida tashqi ta’sirlarga qarshi qat’iy pozitsiyada turib, qonun va vijdonga asoslangan holda qaror qabul qilishi shart.

Yulduz Fozilova,

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi.