“Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib, chiqib ketishi kerak”.
Prezidentimizning ushbu fikrlari sud tizimi, xususan sudyalar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar ham ana shu maqsadga qaratilgan.
Sudyalarni tayyorlash tizimi yaratilgani sohaga malakali, bugungi kun talablariga javob bera oladigan kadrlarni tanlab olish imkonini yaratdi. Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi shu yo‘nalishda samarali faoliyat yuritmoqda.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursi tinglovchilari bilan o‘qish jarayoni va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha ochiq muloqot tashkil etildi.
Sudyalikdek mas’uliyatli va sharafli kasb egalariga aylanadigan yosh mutaxassislarga amaliyotda uchrashi mumkin bo‘lgan muammolar yechimi, har qanday murakkab vaziyatlardan oqilona yo‘l tutib, undan chiqish borasida tegishli tavsiyalar berildi.
Sudyalar oliy maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Dilshod Isroilov sudya professional ish faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishi zarurligini qayd etdi. Bunda sudya ish yuklamasini sifatli qilib o‘z vaqtida bajarishi uchun reja tuzib chiqishi kerak. Eng muhimi, belgilangan barcha ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirish shart.
Sudya bilimini oshirib borishi, o‘z ustida doimiy ravishda ishlashi, bu jarayonda yangi qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati, sud islohotlari natijasida qo‘yilayotgan ustuvor vazifalar, Oliy sud plenumi qarorlarida belgilanayotgan qoidalarga alohida e’tibor qaratish juda muhim.
Sudyalar oliy kengashi tomonidan joriy etilgan Sudyalar faoliyatini baholashning elektron reytingi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Zamon bilan hamnafas bo‘lish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish zarur. Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lish, xalq bilan muloqot olib borish kerak. Bu sudyaning to‘laqonli faoliyat yuritishini ta’minlaydigan, uning jamiyatdagi nufuzini oshirishga xizmat qiladigan muhim omil ekani ta’kidlandi.
Korrupsiyani keltirib chiqaradigan holatlarga murosasiz bo‘lish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Huquqni muhofaza qilish organlarida, qolaversa bu tizimda katta lavozimlarda ishlab, keyinchalik ushbu illatga yo‘liqqan ba’zi bir insonlarning ayanchli hayoti va taqdiri aniq misollar asosida aytib o‘tildi.
Prezidentimizning ta’magirlik qilgan sudya siyosatga, mamlakat Prezidentiga va xalqi¬ga xiyonat qilgan, deb baholanadi, degan haq gaplari mohiyatini chuqur anglab yetib, doimiy yodda tutishlari shartligi e’tirof etildi.
Muloqotdan maqsad tinglovchilar sudya lavozimiga tayinlanganda, adolatni qaror toptirishga qodir bo‘lishi uchun ko‘maklashish va ularni mas’uliyatli kasbga har tomonlama tayyorlashdir.
N.Abduraimova, O‘zA