Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudoche ko‘li Ramsar konvensiyasiga kiritildi
16:13 / 2023-05-08

Ma’lumotga ko‘ra, xalqaro ahamiyatga ega suvda suzuvchi qushlar yashaydigan suvli-botqoq joylar to‘g‘risidagi konvensiya – Ramsar konvensiyasi 1971 yil 2 fevral kuni Eronning Ramsar shahrida qabul qilingan. Ekologiya tizimining bir turiga bag‘ishlangan ushbu ilk global xalqaro shartnomaga a’zo 170 davlat hududida xalqaro ahamiyatga molik 2307 suv-botqoq manzil mavjud.

Sudoche ko‘lida 24 xil baliq, 230 (118 gidrofil) tur qush bo‘lib, shundan 24 tur Xalqaro Qizil kitobga (12 tur) va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Bundan tashqari, ko‘lda mavjud 30 xil sut emizuvchidan 2 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga va 3 turi Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.  

Bahor-kuz oralig‘ida suv qushlarining ommaviy to‘planish joyi sifatida muhim ahamiyat kasb etadigan mazkur suv havzasida bahorgi migratsiya davrida qushlar soni 100 mingdan oshadi.  

Sudoche ko‘li O‘zbekistonning Ramsar konvensiyasiga kiritilgan 4-ob’ektidir. Bunga qadar Dengizko‘l 2001 yil, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi 2008 yil, To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari 2020 yil ushbu ro‘yxatdan joy olgan.  

Mamlakatimizning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonasi ko‘magida Shveysariyaga uyushtirilgan rasmiy tashrif doirasida Jenevada Sudoche ko‘lini xalqaro ahamiyatga ega suvda suzuvchi qushlar yashaydigan suvli-botqoq joylar to‘g‘risidagi Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritish marosimi bo‘lib o‘tdi.  

Tegishli sertifikat Konvensiya bosh kotibi Musonda Mumba tomonidan tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimovga topshirildi.  

A.Abduhakimov suv qushlarining ko‘chmanchi turlarini saqlashda suv-botqoq yerlar beqiyos o‘rin tutishi, bunday hududlar karbonat angidridni o‘ziga singdirib, iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatishi, shuningdek, ekologiya turizmini rivojlantirishda ulkan salohiyatga egaligini ta’kidladi.  

Bosh kotib delegatsiyamiz tomonidan bildirilgan Ramsar ob’ektlarini saqlash bo‘yicha strategiya ishlab chiqish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va hamkorlikka tayyorligini bildirdi.  

Uchrashuv yakunida Musonda Mumba Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning uch yirik tadbiri – cho‘llanish bo‘yicha global tadbir – 21-yig‘ilish, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyaning 14-tomonlar konferensiyasi va Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasiga taklif etildi.  

O‘zA