Sudoche ko‘lida ekoturizm majmuasi tashkil etiladi
Sudoche ko‘li bo‘yicha investitsiya loyihasining tashabbuskori Mo‘ynoq tumani hokimligi bilan birgalikda “Mo‘ynoq Akva Sanoat“ DUK hisoblanadi.
Mo‘ynoqdagi Sudoche ko‘lida qushlarni kuzatish punktlarini yaratish orqali maxsus ekoturizm majmuasini tashkil etish rejalashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasining investitsiya portalida Mo‘ynoqda amalga oshirish rejalashtirilgan turizm sohasiga oid mana shunday investitsiya taklifi joylashtirildi.
Loyihaning maqsadi keng sarmoyadorlar uchun potensial imkoniyatlarni ochish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va bandlikni ta’minlash, mintaqani yangi sayyohlik yo‘nalishi sifatida ommalashtirish, shuningdek ekologik muvozanatni saqlash va noyob biologik xilma-xillikni saqlashdir.
Sudoche ko‘li bo‘yicha investitsiya loyihasining tashabbuskori Mo‘ynoq tumani hokimligi bilan birgalikda “Mo‘ynoq Akva Sanoat“ DUK hisoblanadi.
Mo‘ynoq tumanidagi Sudoche ko‘li bo‘yida loyihani amalga oshirish uchun 70 ming dollar jalb qilish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, loyihaning umumiy qiymati 83 ming dollarni tashkil etadi, qolgan xarajatlar loyiha tashabbuskorlari tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Investitsiya taklifi doirasida bir kechada qolish va ovqatlanish uchun joylar, transport vositalarini (kvadrosikllar va qayiqlar) sotib olish va mini-quyosh elektr stansiyasi o‘rnatish rejalashtirilgan. Kerakli infratuzilmani qurish to‘liq investitsiya jalb qilingan vaqtdan boshlab 3 oyni tashkil etadi. Ushbu loyiha yiliga 9-10 ming turistga xizmat ko‘rsatishga imkon beradi.
Umumiy maydoni 50 ming gektardan oshadigan Sudoche ko‘llar tizimida 230 dan ortiq turdagi ko‘chmanchi va doimiy yashovchi qushlar mavjud. Ularning orasidan flamingo qushlar to‘dasini ham uchratish mumkin.
Sudoche ko‘llar tizimida O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan 40 turdagi qushlarning 30 turi, Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro tashkilotining “Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi turlarning Qizil ro‘yxati”ga kiritilgan 24 turdagi qushning 18 turi yashaydi.