Ma’lum bir sabablar bilan haq-huquqi poymol qilingan, turli adolatsizliklar tufayli jabr chekkan fuqarolarning haqiqat izlab boradigan, kafolatli himoya topadigan yagona maskani sud hisoblanadi. Chunki mazkur institutsional tizim faqat da’voni ko‘rib chiqadigan organ emas, balki inson qadri, qonun nufuzi va xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlovchi asosiy mexanizmdir. Unga oid har bir qaror faqatgina bir shaxsning taqdiriga emas, balki jamiyatdagi barqarorlik, qonun ustuvorligi va ijtimoiy ishonch muhitiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Agar sud mustaqil bo‘lsa, qonunning nufuzi yuqori bo‘ladi, fuqaro o‘zini davlat oldida huquqiy sub’ekt sifatida his etadi. Ammo sudning mustaqilligi kafolatlanmagan bo‘lsa, hatto eng puxta yozilgan qonun ham amalda ish bermay, adolat faqat qog‘ozda qolib ketadi.
Ahamiyatlisi shundaki, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan yangi bosqichdagi islohotlar jarayonida qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlash borasida sud tizimini qayta ko‘rib chiqish, uning chinakam mustaqilligiga erishish masalasi markaziy o‘ringa chiqdi. Bu jarayonda sud organlarining har qanday tashqi va ichki ta’sirdan xoli, faqat qonun va vijdon asosida ish olib borishi, sudyalarning xolis, siyosiy ta’sirlardan mutlaqo uzoq holda professional qarorlar qabul qilishi nafaqat adolatli sudlovning, balki fuqaro-davlat munosabatlaridagi ishonchning ham muhim kafolatiga aylanmoqda.

Ayni shu dolzarb masalalarni muhokama qilish, nazariya va amaliyotdagi muammo va yechimlarni ilmiy-huquqiy jihatdan tahlil etish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamkorligida “Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash: nazariya va amaliyot” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zolari, sud-huquq sohasi vakillari ishtirok etgan tadbir davomida sudyalarning huquqiy maqomi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi tizimli yondashuvlar, sud tizimidagi tashkiliy va institutsional islohotlar, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasidagi sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hamda “Sudyalar malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi nizom loyihasi mazmun-mohiyati qizg‘in muhokama qilindi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan Siyosiy Kengash raisi sudyaning zimmasida inson taqdiri, jamiyatda adolatga bo‘lgan ishonch muhitini belgilaydigan qarorlar qabul qilishdek ulkan mas’uliyat borligiga alohida urg‘u berarkan, buni chuqur his etish, vaziyatga xolis baho berish, har ikki tomonni diqqat bilan eshitish va adolat mezonidan chekinmagan holda to‘g‘ri xulosa chiqarish – chinakam sudyaning asosiy faoliyat mezoni bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bu borada tarixiy misollarga murojaat qilib, Temuriylar davrida sud ishlarini amalga oshirgan qozilar – o‘z davrining eng bilimdon, halol va nufuzli shaxslari bo‘lganini, ularning insof va adolat bilan chiqargan qarorlari xalqning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini yuksak darajada oshirganini eslatib o‘tdi.
Ma’lum qilinganidek, sud tizimida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlar orasida eng muhimlaridan biri — sudya mustaqilligini huquqiy kafolatlar bilan mustahkamlash bo‘ldi. Konstitutsiyaning 136-moddasida sudyalar faqat qonun va vijdonga bo‘ysungan holda ish yuritishi, ularning faoliyatiga aralashish taqiqlangani va bunday aralashuv uchun javobgarlik belgilangani sud hokimiyati mustaqilligining aniq qonuniy asosini shakllantirdi. Shuningdek, sudlarga bosim o‘tkazish, ularning ish faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlarining oldini olish uchun ma’muriy va hatto jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi huquqiy mexanizmlar ishlab chiqildi. Bu esa sudyalarning o‘z faoliyatini xavotirsiz, xolis va adolatli amalga oshirishiga xizmat qiladi.
– E’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlardan yana biri shundaki, yangi konstitutsion normalarga ko‘ra, davlat sudyalar va ularning oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlash majburiyatini zimmasiga oldi. Sudyalar samarali ishlashi uchun ularga jismoniy xavfsizlik, psixologik barqarorlik va tashkiliy erkinlik kafolatlangan bo‘lishi shartligi belgilandi. Amaliyotda uchragan tahdidlar, bosimlar va xavf-xatarlar bugungi kunda jiddiy e’tiborga olinmoqda. Shu o‘rinda partiyamiz Saylovoldi dasturida ham adolatli va mustaqil sud tizimini shakllantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangani, hozirda “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ustidagi ishlar amalga oshirilayotganini alohida qayd etmoqchiman. Biz bu hujjatni qonunchilikka kiritish orqali sudyaning huquqiy maqomi, kafolatlari, ish yuklamasini optimallashtirish va samaradorlik mezonlarini belgilashni maqsad qilganmiz, – dedi Robaxon Mahmudova.
Shuningdek, davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Zuhriddin Mavlonov ham so‘zga chiqib, sud tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim takliflarni ilgari surdi. Jumladan, “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishning bugungi kudnagi zarurati, sudyalarning huquqiy maqomi, moddiy va ijtimoiy kafolatlari, ularni tayinlash va lavozimdan ozod etish, intizomiy javobgarlik tartibi aniq belgilab qo‘yilishi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Deputat fikricha, bu orqali sudyaning daxlsizligi va faoliyatiga aralashish holatlari uchun javobgarlikni yanada mustahkamlash imkoniyati bor.
Shu bilan birga, sudlov jarayonlarida zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish muhimligi, bu borada sun’iy intellektdan foydalanish orqali hujjatlar tahlili, huquqiy pretsedentlarni topish va ish yuklamasini yengillashtirish mumkinligi qayd etildi. Sudyalar va sud xodimlarining mehnatini qadrlash, ularning kasbiy nufuzini oshirish maqsadida mamlakatimizda alohida “Sudyalar va sud xodimlari kuni”ni belgilash taklifi ham ilgari surildi. Bu esa nafaqat sudyalarning fidokorona xizmatini keng miqyosda e’tirof etish, balki jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlayotgan tizim vakillariga bo‘lgan hurmat va ishonchni mustahkamlashga yordam beradi. Bunday amaliyot Braziliya, Ukraina, Qozog‘iston, Rossiya kabi qator davlatlarda joriy etilgani ta’kidlandi.
Tadbir so‘ngida sud-huquq sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, deputatlar hamda huquqshunoslar sudyalarning ish yuklamasi, yosh kadrlar tayyorlash, hududlarda kadrlar barqarorligi, sud faoliyatiga chetdan aralashuv holatlarini bartaraf etish, sud qarorlari ijrosi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha fikrlar almashishdi.
N.Nasriyev,
O‘zA