Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlarga nisbatan asossiz va eskicha qarashlar, xorij tajribasi, deya qonunni “yamab tuzatish”lar uchrayapti – yagona motivatsiya darkor...
17:51 / 2022-09-23

Jamiyatda insonlar o‘zaro ijtimoiy va boshqa munosabatlarga kirishar ekan, muammo, nizo, nohaqlik, axloq-odobsizlik, adolatsizlik, umuman olganda, har qanday nizoli masalalar yechimi yoki insonga yarashmaydigan xulq-atvorni joy-joyiga qo‘yish uchun xolis bir shaxs, xolis maskan va imkonga zarurat paydo bo‘lgan...

Demakki, sud – nizolarni hal etish, yechish maskani, odob-axloq me’yorlari, qonunlar qo‘llaniladigan joy bo‘lib, adolat so‘rab boriladigan va ta’minlanadigan dargohdir.

Shuning uchun ham sudlar goh salbiy, goh ijobiy yo mo‘’tadil fikr-mulohaza, munosabat, minnatdorlik, e’tiroz va norozilik bildiradigan «minbar», «tarozi pallasini adl tutib turish uchun tashkil etilgan maskan», haq yo nohaqligidan qat’i nazar, aholining har biri bosh o‘rib boradigan umumostona bo‘lishi darkor.

Har qanday holat va vaziyatda ham sudlar adolat va qonun ustuvorligi asosida ishonchni mustahkam va bardavom qozonishi shart.

Ana endi sudga hurmat va ishonchning ortishiga to‘siq bo‘layotgan to‘qqiz masala va har doim ham yetisha olmayotganimiz yagona motivatsiya haqida fikrlashsak.

RASMIYLARNING SUDLARGA NISBATAN QARASHLARI ZAMON VA QONUN TALABLARIGA ASOSLANISHI LOZIM...

Bugun so‘z va fikr erkinligi – ochiqlik zamonida yashamoqdamiz. Albatta, axborot asri, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar u yoki bu munosabatni shakllantirib qo‘yadigan, populizm, piar oddiy holatga aylanib borayotgan, manfaatli axborotlar ustuvor ahamiyat kasb etayotgan global makondamiz.

Shu ma’noda sudlar faoliyatiga bildirilayotgan munosabatlar asosli bo‘lishi, yetarlicha tahlillarga tayanishi maqsadga muvofiq.

Ijtimoiy tarmoqlarda sudlar faoliyatiga aloqador ayrim rasmiy vakillarning fikrlari bilan ham tanishib bormoqdamiz. Bunday fikrlarning yuki og‘irligi bilan birga, asosga egaligi, oqibati, jamiyatga, islohotlarga ta’siri ham e’tiborga olinishi muhim.

Masalan: «Sudlar faoliyatiga nisbatan aholining mutlaqo noroziligi ortib bormoqda», degan fikr shaxsiy munosabatga xos bo‘lib, asl holat qo‘yidagichadir.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yarmida Iqtisodiy sudlarda 84 000 dan ortiq ariza va da’vo arizalar ko‘rilgan bo‘lsa, ularning 3 foiziga nisbatan, Fuqarolik sudlarida esa 405 000 dan ortiq (sud buyruqlari bilan qo‘shib aytganda) ishlar ko‘rilgan bo‘lsa, ularning 2 foiziga nisbatan yuqori instansiya sudlariga shikoyatlar berilgan.

Shikoyatlarning o‘rta hisobda 1 foizi qanoatlantirilganda ham «sudga ishi tushganlarning bir foizining sud hujjatlaridan noroziligi asoslidir», degan xulosaga kelish mumkin. Demak, bildirilayotgan munosabatlarda albatta bu omillar e’tiborga olinishi kerak.

Ma’muriy va jinoyat sudlarida sud hujjatlariga nisbatan shikoyat biroz yuqori bo‘lib, bunda shikoyat berishning davriyligi ya’ni, 10-15 yil avvalgi ishlar bo‘yicha ham shikoyatlar ko‘rib chiqilayotganligi muhimdir. Ushbu ko‘rsatkich, ilg‘or xorijiy amaliyotda ham yomon ko‘rsatkich sanalmaydi.

Shu asosda haqli savol tug‘iladi: yurtimizda davlat siyosati asosida olib borilayotgan sud-huquq sohasining progressiv islohotlari natijasi, ya’ni, qisqa muddatda 4 000dan ziyod oqlov hukmlari, 6 000 dan ortiq noto‘g‘ri qo‘yilgan ayblov normalarining ayblovdan chiqarilishi yo o‘zgartirilishi, iqtisodiy va fuqarolik sudlarda davlatdan tadbirkor yoki fuqarolarga undirilib berilgan va berilayotgan (avval kuzatilmagan) trilliondan ortiq mablag‘lar yoki nohaq bo‘shatilib ishga tiklangan 2 000 dan ortiq fuqarolarga oid sud hujjatlari, qanchalik mablag‘ talab qilinmasin, sudlar faoliyatiga AKT izchil qo‘llanilganligi, korrupsiya holatlari keskin kamayganligi, sudyalarning ijtimoiy ahvoli bir necha barobar yaxshilanganligi kabi holatlar ayrim rasmiy vakillarning bayonot va fikrlarini mushohada qilishi lozimligini ko‘rsatadi.

Demak, sudlarga yuqoridan turib nazar solish, eskicha qarashlarni o‘zgartirish vaqti keldi.

"ESKI KASALLIK", ODIL SUDLOVNI TA’MINLASH UCHUN MODDIY VA AYNIQSA PROSESSUAL QONUNCHILIKNI TAKOMILLASHTIRISH ZARURATI...

Albatta qonun, qonun bo‘lganda ham kamida adolatli yoki hech bo‘lmaganda mukammalroq qonunlar kerak. Aslida dunyoda ideal yo mukammal yo o‘zgarmaydigan qonunning o‘zi mavjud emas.

Bilaks, aslo jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlardan, nizo (kazius)lardan ortda qolayotgan, yechimi qonun osti hujjatda mavjud deydigan yaxlit qonunlar emas, balki aynan jamiyatdagi munosabatlardan hech bo‘lmasa, yarim qadam ilgari yuradigan, «ey bu yana qanday yangi ijtimoiy munosabat bo‘ldi, bu munosabat bizning normalarda tartibga solinmaganku, tezda qonunosti hujjatlaridan yoki chuqur o‘rganilmagan chet el tajribasidan olib, yamoq qilib, qonuni tuzatish haqida qonun loyiha kerak», qabilidagi qonunlarni nazarda tutmayapman albatta.

Masalan: odamlar o‘z xususiy mulkiga oid hokim yoki boshqa mansabdor qarori bo‘yicha sudlashmoqchi bo‘lsa, nega unga muddat (3 oy) belgilashimiz kerak...

Bu kabi muddatlar va ayniqsa, protsessual muddatlar shu qadar ko‘pki, bu eski tuzimning asorati va afsuski, MDH davlatlarining ko‘pchiligiga xos bo‘lgan protsessual huquq tizimiga qattiq bog‘lanib qolganligimiz oqibatidir.

Demak, nomukammal qonunchilik tizimi yoki zamon bilan bab-baravar harakatlanmay oqsaydigan norma ijodkorligi, qonunosti hujjatlaridagi ustuvorlik, idoralarda qonunosti hujjati bilan ishlashga, odil sudlovni amalga oshirishga yo sudyaning mustaqil va odil qaror qabul qilishiga ta’sir etuvchi omilga aylanib qolmasligi shart.

Shuningdek, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 11-moddasida belgilangan “Qonunosti hujjatlarida qonun hujjatlari darajasida tartibga solinishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha normalar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmadi» degan qonun normasiga har doim ham e’tibor qaratilmayotir yoki ushbu norma tizimli ravishda e’tibor talabligicha qolib ketmoqda.

Oqibatda sudlar faoliyatida urg‘u asosan eskidan qolgan protsessual qonunchilik tomon og‘ib bormoqda, moddiy huquq normalarini qo‘llash amaliyoti esa, eski kasallik kabi oqsoqlanib qolgandek ko‘rinadi. Bu albatta odil sudlovga ishonchning ortishiga to‘sqinlik qiladi.

SUDGA HURMAT VA ISHONCHNI OSHIRISHDA SUDYANING SHAXSI...

Avvalo ilm, tajriba, ilmiy, huquqiy, ma’naviy, siyosiy salohiyat sudya va sudning yuzi sanaladi.

Nizolar, jinoyatlar, sudda ko‘rilayotgan ishlar doirasida yoki ishlarni ko‘rishda sudyani real hayotiy tajribasi, ishni hal etish amaliyotini ijobiy shakllanganligi, sudyalar tomonidan strategik qaror qabul qilish amaliyoti, zarur minimum hayotiy tajriba, malakali ilm, sohaviy chuqurlashgan bilim va tizimli amaliyot shart.

Sudya sud amaliyotidagi muammolarni monitoring qiladigan, mukammal tahlil etadigan, ilmiy va asosli yechimlarni o‘ziga va jamiyatga taklif etadigan ko‘nikmalar ustida ishlashi kerak. Xullas, o‘sha hamma bilgan gap – «malakali kadrlar ko‘p narsani hal etadi».

SUD MASLAHAT BERUVCHI TASHKILOT EMAS...

Aholining ayrim qatlami afsuski, sudlarga huquqiy maslahat beradigan yoki ularning da’vosini sud shakllantirib beradigan organ sifatida qaramoqda.

Shu toifa aholi ongida sudga o‘z da’vosi bilan borgan shaxsni sudya qabul qilishi va unga da’voni qanday shakllantirish, yozma murojaatlarni tuzish, hujjatlarni tayyorlash, yana o‘sha sudyaning o‘zi uning nizosini ko‘rib chiqishi lozimligi sudning majburiyati sifatida go‘yo oddiy holat.

Shu yo‘sin, aholi orasida sud maslahat bermaganligidan, sudya uni sud majlisidan avval shaxsiy qabulda qabul qilmaganligidan, ularga lozim darajada e’tibor qaratmaganidan norozilik sifatida munosabat bildirish, turli instansiyalarga shikoyat qilish orqali sudyalarga, odil sudlovga ta’sir etish holatlari ortib bormoqda.

Vaholanki, bunday xulosa va bosh og‘riq hamisha ortiqchadir. Hech bir sud bunday boshog‘riqni xohlamaydi. Oqibatda esa ushbu holatlar kutganingizdek, sudlar mustaqilligi va odil sudlov xolisligining yemirilib borishi sari yetaklaydi.

YANGI ILLAT IJTIMOIY TARMOQ ORQALI SUDGA, SUDNING NATIJASIGA TA’SIR

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan sudlar va sudyalarga oid asosli, haqli, xolis axborotlar bilan birga, shaxsiy va guruh manfaati ko‘zlangan, zamirida tama’girlik bo‘lgan g‘araz maqsadli axborotlarni tarqatuvchi va o‘zini ijtimoiy faol fuqaro deb ataydiganlar ham urchib bormoqda.

Sud va sudyalarga nisbatan o‘z sahifasi va telegram kanallarida axborot qo‘yish orqali sud ishlarini hal etib beraman, degan qo‘shtirnoq ichidagi ayrim blogerlar va ijtimoiy faol fuqarolarning uchrayotganligi xavotirli masaladir.

Hattoki, sudya hali maslahatda qolib qabul qilmagan qarori bo‘yicha ishlarni oldindan hal etish va’dasini bergan va kutilgan qaror qabul qilinmagan taqdirda sudya va sudlar faoliyatiga nisbatan asossiz axborot sizdirish amaliyoti kuchaymoqda.

Bunday holatlarga misol keltirish mumkin...

Bir o‘ylab ko‘ring, hech qayerda ishlamaydigan, boshqa daromad manbai ham bo‘lmagan, lozim huquqiy bilim va malakaga yoki advokatlik vakolatiga ega bo‘lmagan shaxs bir viloyatdan boshqa bir viloyatga hech bir manfaatsiz borib begona bir shaxs uchun sud ishlariga manfaatsiz aralashishi mumkinmi?

Shu tarzda amalda ochiq, odil va xolis sudlov haqida jamoatchilikning axborot talabida nomutanosiblik yoki buning oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda sudlar faoliyatiga oid shaxsiy va noxolis pozitsiyalar bildirilishi holatlari kelib chiqmoqda.

SUD HUJJATLARI IJROSI BILAN...

Sud qarorlarining o‘z vaqtida ijro etilmayotganligi bevosita odil sudlovga, uning qabul qilgan hujjatlariga nisbatan aholi o‘rtasida hurmatni tushirib, pirovardida sudga bo‘lgan, sudlar mustaqilligiga bo‘lgan ishonchni susaytirayotgani bor gap. Bu esa sudlar mustaqilligini mustahkamlashga, sudga ishonchni oshirishga zimdan zarba beradi.

Aytish mumkinki, sud hujjatlarini so‘zsiz, muhokamasiz ijro etish tizimini, ya’ni xalqaro standartlar asosida «sud hujjati to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijroga» degan tizimni yaratishga zarurat sezilmoqda.

MAHALLIY DEPUTATLARGA SUDLAR AXBOROTINI ESHITISH NIMA BERADI?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga muvofiq, sud ham davlat hokimiyatining bir tarmog‘i ekanligi asosida Oliy vakillik organiga hisobdor bo‘lishi lozim. Chunki, sud tizimi butun boshli yaxlit bir tizim bo‘lib, davlatning sud hokimiyatini tashkil etadi.

Lekin, joylarda sudlarning xalq deputatlari tegishli kengashlarida axborot taqdim etib borishi, albatta sudlar mustaqilligiga va xolisligiga ta’sir emay qolmaydi. Asoski, joylarda ushbu amaliyot axborot emas, balki hisobot tusiga kirib ulgurdi.

Aytaylik, qaysi bir sud o‘zi taqdim etayotgan axborotni tegishli kengash sessiyalarida tasdiqlanmasligini xohlaydi yoki axboroti eshitilayotgan sudga hokim da’vo kiritishi mumkinligini istisno etishning imkoni mavjud emas, albatta joylardagi hokimliklar shu hududlardagi sudlarga murojaat etishadi yo o‘sha sud tegishli XDK rahbari bo‘lgan hokim qarorini haqiqiy emas, deb topish haqidagi shikoyatni ko‘rib chiqadi...

Aytingchi, bunday holatda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkinmi?

Achinarlisi, ayrim XDK tomonidan o‘z qarorlari asosida sudlarga vazifalar yuklash holatlari ham kuzatilmoqda.

SUDLAR FAOLIYATIGA DAXLDOR MUROJAATLARNI NAZORATGA OLISH AMALIYOTI QONUNLARGA ZID

Ushbu amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, nazoratga olingan bunday murojaatlar yuzasidan berilayotgan javoblar protsessual qonunchilik doirasidadir.

Demak, nazoratga oluvchiga protsessual qonunchilik tushuntirilib, ma’lumot tariqasida javob yo‘llanadi.

Ya’ni, nazorat amaliyotining nafdorligi juda past. Aksincha, oqibatda bunday murojaatlar yuzasidan ma’lumotnomalar tayyorlashga sud tomonidan ortiqcha vaqt sarflanadi, xolos.

Shuning uchun ham «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasida, "Ushbu qonunning amal qilishi ko‘rib chiqish tartibi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonunchilik va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilangan murojaatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi", deb belgilab qo‘yilgan.

Demakki, xolis, odil sudlov va sudga ishonchni orttirish uchun qonunning ushbu normasi qat’iy va so‘zsiz ijro etilishi lozim bo‘ladi.

SUDYALAR ISH YUKLAMASI

Ushbu masala ko‘p ko‘tarilgan va albatta bu katta byudjet mablag‘lari bilan bog‘liq, shunga qaramay, bu borada tizimli ravishda amaliy yechimlar bo‘lishi kutilmoqda.

Haqiqatan ham sudyalar yuklamasi o‘z-o‘zidan sud majlislari, sud hujjatlari sifatiga ta’sir etadi, bundan aholi rozi bo‘lmaydi. Demak, busiz mustaqil odil sudlov biz xohlagandek, mukammal ta’minlanib qolmaydi.

Endi, yuklama haqida gap ketganda sudyalarning targ‘ibot tadbirlari va hokazolarni aytmasa ham bo‘ladi...

Sudyalar odob kodeksida belgilab qo‘yilgani kabi, sudyaning odil sudlovni ta’minlash, sud ishlarini hal etishda vaqtni to‘g‘ri va samarali taqsimlash hamda sudyalarning bu boradagi izlanish, o‘z ustida ishlash, o‘qib-o‘rganish kabi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmasligi lozim.

Aytaylik, kuchli sudyalar ham ba’zida maqola yoza olmasligi yoki OAVda boshqa bir chiqish qila olmasligi, targ‘ibotlarda faol ishtirok eta olmasligi mumkin...Chunki, u bu borada jurnalist , filolog yo professional soha xodimi emas.

Shuningdek, sudlar va sudyalarning faoliyati bo‘yicha haqiqiy holat OAV, internet ijtimoiy tarmoqlarida, blogerlarning shaxsiy munosabatlari o‘rtasidagi tafovutlar bu borada jamoatchilik bilan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, jurnalistlar va blogerlar munosabatiga nisbatan qat’iy pozitsiyada turib, lozim darajada o‘z vaqtida munosabat bildirish, qolip munosabatlar, odil sudlov, umuman, sud-huquq sohasidagi islohotlarga noxolis yondashuvlarning kelib chiqishiga omil bo‘lmoqda.

Endi yagona motivatsiyaga kelsak, bir tomon fikr, munosabat bildirishda ham, ikkinchi tomon qaror qabul qilishda ham yagona motivatsiya, bu – Vatan taraqqiyoti, unga xizmat qilish, Vatanga muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik, ajdodlar oldidagi mas’uliyat, farzandlar kelajagiga daxldorlik kabi ezgu tushunchalarga xizmat qilishdir.

Ayni shu motivatsiya kim bo‘lishimizdan qat’i nazar, har birimizning faoliyatmizda dasturiy amal bo‘lishi shart.

Yuqorida aytib o‘tilgan sudlarga bo‘lgan ishonchiga ta’sir etuvchi omillar va ularning yechimiga qaratilgan masalalar shaxsiy fikrlardir.

Hayot bor ekan, sud-huquq sohasi islohotlari ham bardavom bo‘lib, zamonga moslashib boraveradi. Shu bois ham hech bir fikrni mukammal deb bo‘lmaydi.

Lekin, har qaysi zamon va jamiyatda ham sudga ishonch – odamlarda adolatga ishonchni anglatib, shu jamiyatdagi islohotlar va ularning natijasiga bo‘lgan ixlosni oshirib boradi.

Shunday ekan, yuqorida keltirilgan yagona motivatsiya sudga ishonchni oshirishda barchamizni birlashtiraversin.

Nuriddin MURODOV,

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi raisi