Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlardagi kibermuammolarni aniqlash va yechimini topish bo‘yicha xalqaro muloqot
10:13 / 2023-10-04

Kiberjinoyatchilik nafaqat axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda moliyaviy zarar yetkazish, balki kiberhujumlar uyushtirish, ya’ni virtual ta’sir ko‘rsatish orqali vaziyatni ishdan chiqarishga urinishgacha borib yetmoqda.

Kiberjinoyatlarni aniqlash murakkabligi bilan boshqa jinoyatlardan ajralib turadi. Chunki soxta akkauntlar, turli davlatlarda turib sodir etiladigan kiberjinoyatlarni aniqlash ba’zan imkonsiz bo‘ladi.

Jinoyat sodir bo‘lar ekan, albatta bu sudda ko‘rib chiqilishi kerak. Bu borada qanday muammolar bor? Toshkentda davom etayotgan “Sudlarda kibermuammolar” mavzuidagi xalqaro seminarda aynan shu doiradagi muammolarni aniqlash va yechimini topish bo‘yicha fikr almashilmoqda.

Tadbirda eng dolzarb masalalardan biri – kiberxavfsizlikni ta’minlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan kiberjinoyatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish ekaniga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy sud, Toshkent shahar va Toshkent viloyati sudlari sudyalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha xodimlar ishtirok etmoqda.

Oliy sud raisining o‘rinbosari H.To‘raxo‘jayev bugungi kunda mamlakatimiz sud tizimida kiberxavfsizlik masalasiga katta ahamiyat kasb etuvchi va muhim omil sifatida qaralayotganini ta’kidladi. Odil sudlov barqarorligini va elektron sud ishlarini yuritishda kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalarida ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish O‘zbekiston uchun juda muhim hisoblanadi.

AQSHning O‘zbekistondagi elchisi J.Xenik va “Mintaqaviy muloqot” tashkiloti direktori M.Sever ushbu tadbir har ikkala tomon uchun ham manfaatli va foydali bo‘lishini qayd etdi.

Uch kun davomida amerikalik sudyalar va axborot texnologiyalari bo‘yicha ekspertlar bilan sudlardagi axborot texnologiyalarining xavfsizligiga tahdidlar, axborot tizimlari xavfsizligi asoslari hamda sudga doir ma’lumotlardan foydalanish masalalari yuzasidan o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.

Tadbirning kun tartibidan sud axborotlari, sudyalar va sud xodimlarining kiberxavfsizligi, shaxs darajasida kiberxavfsizlik madaniyatining asoslari, sud nazoratini amalga oshirishda IT-texnologiyalaridan foydalanish hamda mavzuga doir boshqa qator muhim masalalarning muhokamasi o‘rin olgan.

N.Abduraimova, O‘zA