Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlarda soddalashtirilgan ish yuritish tartibi qanday amalga oshiriladi?
18:37 / 2022-11-10

Mamlakatmizda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ishlarni ko‘rish hajmining yildan-yilga o‘sishi odil sudlovni amalga oshirishni yanada osonlashtirish, soddalashtirish va tezlashtirish huquqshunos olimlar va soha mutaxassislari uchun dolzarb masalalardan biriga aylangan.

Zero, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va manfaatlarini tiklashda odil sudlov ta’sirchanligini oshirish barcha zamonlarda ham muhim ahamiyat kasb etgan. Bu ish xalqning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirib, jamiyatda huquqiy ong va madaniyatning yanada yuksalishiga xizmat qilgan.  

Keyingi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ham ana shunday ezgu maqsadlarga qaratilgani xalqimizning bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashida muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, 2021 yil 16 sentyabrda qabul qilingan “Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni ham bunga yaqqol dalildir. Shunga muvofiq Fuqarolik protsessual kodeksiga soddalashtirilgan tartibda ish yuritish bilan bog‘liq yangi 251-bob kiritildi.  

Mamlakatimiz odil sudlovida yana bir yangilik bo‘lgan soddalashtirilgan tartibda ish yuritish dunyo tajribasida qanday amalga oshirilgan? Bu sud paydo bo‘lishining ildizi qaysi mamlakatga borib taqaladi?  

Aytish kerakki, bu tartibdagi oddiy, sodda sud majlisining yuzaga kelishi Qadimgi Rim davlati bilan bevosita bog‘liqdir. O‘tmishda bu mamlakatda sud ishlarini tezroq, soddaroq ko‘rish uchun soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy qilingan.  

Bunda da’vogar sudga da’vo ariza bilan murojaat etgan. Pretor shu asosda formal sud protsessi o‘tkazib, ishni ko‘rish natijasida da’vogarga da’vo talabini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishdan rad etish to‘g‘risida xat (formula) taqdim etish tartibini joriy etgan. Mazkur formal sud majlisiga taraflarning kelmasligi ishni ko‘rishning tezlashishi va osonlashishiga sabab bo‘lgan.  

Qadimgi Rimda boshlangan sodda sud majlislari keyinchalik boshqa davlatlarning qonun normalarida o‘z aksini topa boshlagan. Masalan, Angliya fuqarolik protsessual huquqida ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish 1855 yilda boshlangan. Angliya sud tizimi soddalashtirilgan tartibda ish yuritish taraflarning insofsiz harakatlari va muddatlari cho‘zilishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi, deya hisoblaydi va ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rishga katta e’tibor qaratadi.  

Angliya qonunchiligiga ko‘ra, ishlarni umumiy tartibda ko‘rib chiqishning asosiy omili bu taraflar aybi yoki aybsizligining to‘liq isbotlanishi hisoblanadi. Ushbu holatda taraflarning taqdim etgan dalillariga asoslanib quyidagi qarorlardan biri qabul qilinishi mumkin: agar javobgarning dalillari ishonarli deb tan olinsa, da’vogarning talabi rad etilib, oddiy ish yuritish tartibiga o‘tkaziladi. Agar da’vogarning pozitsiyasi ishonarli, deb topilsa, bunday holatda sud qarori chiqarilib, bu holatda ish sudgacha bormaydi. Mabodo javobgarning pozitsiyasiga shubha uyg‘onsa, ishni oddiy tartibda ko‘rishga ehtiyoj tug‘iladi. Ammo, bu holatda ishni alohida tartibdagi ya’ni, 1-2 haftada muhokama etiladigan qisqa muddatli ish tartibida ko‘rishga yuboradi.  

Germaniya Fuqarolik protsessual kodeksida 1887 yil qabul qilingan soddalashtirilgan ish yuritish tartibi bilan bog‘liq normalarda faqatgina pul va qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq nizolar yuzasidan soddalashtirilgan ish yuritish tartibida sudga murojaat etish mumkin.  

Germaniya Fuqarolik protsessual kodeksida ko‘rsatilgan soddalashtirilgan tartibda ish yuritishdagi nizo turiga qo‘yilgan talablar bizning Fuqarolik protsessual kodeksimizda ham nazarda tutilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 2792-moddasiga binoan faqatgina baholanadigan mulkiy nizolar bo‘yicha da’vo arizalar soddalashtirilgan tartibda ish yuritishga qabul qilinishi ko‘rsatilgan. Germaniya qonunchiligidan farqli o‘laroq biz ko‘proq Rossiya qonunchiligi tajribasi asosida soddalashtirilgan tartibda ish yuritish uchun baho senzi qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, da’voning bahosi javobgar sifatida yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan o‘n baravaridan, jismoniy shaxslarga nisbatan esa besh baravaridan oshmasa ko‘rilishi mumkinligi belgilangan.  

Ammo, da’vo bahosi bilan bog‘liq mulkiy nizolar bo‘yicha talab qo‘yilganiga qaramasdan ishlarning ko‘rilishini tezlashtirish va osonlashtirish uchun qonunchiligimiz da’vogarning iltimosnomasi hamda javobgarning roziligiga asoslanib, boshqa ishlarni ham soddalashtirilgan tartibda ko‘rishga ruxsat beradi. Bunda faqatgina ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish davlat sirining, tijorat sirining yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning oshkor etilishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, qo‘shimcha holatlarni aniqlash yoki qo‘shimcha dalillarni tekshirish, shuningdek dalillarni ular turgan joyda ko‘zdan kechirish va tekshirish, ekspertiza tayinlash yoki guvohlarning ko‘rsatuvlarini eshitish zarur bo‘lsa, bildirilgan talab boshqa talablar bilan bog‘liq bo‘lsa, shu jumladan uchinchi shaxslarga taalluqli bo‘lsa yoki mazkur ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjati bilan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilishi mumkin bo‘lsa, yangi tartib bo‘yicha ko‘rib chiqilmaydi.  

Shuningdek, ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish chog‘ida ushbu bobda belgilangan qoidalar bo‘yicha ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lmagan qarshi da’vo berilgan bo‘lsa, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir nechta talab bildirilgan bo‘lib, ulardan biri ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan talablarga taalluqli bo‘lgan, boshqalari esa ularga taalluqli bo‘lmagan taqdirda, barcha talablar da’vo ishini yuritishning ushbu Kodeksda belgilangan umumiy qoidalari bo‘yicha ko‘rilishi lozim.  

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilayotgan ish arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish haqida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran yigirma kundan oshmagan muddatda sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi. Bunda ishni ko‘rib chiqish muddati uzaytirilmaydi. Sud soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ishni sud muhokamasini o‘tkazmasdan, taraflarni chaqirtirmasdan va ularning tushuntirishlarini eshitmasdan ko‘rib chiqadi. Taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda bayon qilingan tushuntirish, e’tiroz va vajlarni tekshiradi, dalillar bilan tanishib, hal qiluv qarori qabul qiladi.  

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmagan bo‘lsa, qabul qilinganidan keyin o‘n kun o‘tgach, qonuniy kuchga kiradi. Bordi-yu, apellyatsiya shikoyati (protesti) berilsa, hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan bo‘lsa, apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.  

Yangi O‘zbekistonning sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolik protsessual qonunchiligida yuz berayotgan o‘zgarishlar  inson manfaatini ta’minlab, qadr-qimmatini ulug‘lashga, fuqarolar uchun yanada qulay, oson tartiblarni joriy etib, ularni qiynayotgan muammolarni odilona, tez hal etishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.  

Ramazon Nazarov, Surxondaryo viloyat sudi  

sudya katta yordamchisi