French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlarda samaradorlik ko‘rsatkichlari qanday oshiriladi?
16:09 / 2026-01-29

“O‘zbekiston - 2030” strategiyasida sudlar faoliyati uchun qanday muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilanmoqda? Oliy sud raisining o‘rinbosari Malika Qalandarova shu haqda gapirib berdi:

– Yangilanayotgan strategiyada sudlar faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, sudlar faoliyatida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish imkoniyatlari yanada oshiriladi.  

Sudlarda ishlarni sudga qadar hal etish imkoniyatlari ham yanada oshiriladi. Xususan, jinoyat ishi yurituvida yarashuv institutidan foydalanish kengaytiriladi.  

Ma’muriy, iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ishlar kelishtirish choralari – mediatsiya yoki kelishuv bitimiga erishish orqali hal etilish darajasi oshiriladi.  

Ma’muriy va boshqa sudlarda esa sudga qadar dastlabki eshituv o‘tkazish imkoniyatlaridan foydalangan holda nizo va kelishmovchiliklarga barvaqt yechim topilishiga erishiladi.  

Jinoyat qonunchiligida jazo turi sifatida ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan sanksiyalar soni qisqartirib boriladi.  

Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarda ma’muriy organ qarori ustidan sudlarga shikoyat berish jarayonlarida aholining raqamli imkoniyatlardan foydalanish darajasi yanada oshiriladi.  Fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida yangi interaktiv xizmatlar soni ko‘paytiriladi.  

Advokaturaning yanada kuchayishi va aholining malakali huquqiy yordamdan foydalanishini ta’minlash borasida advokatlarning barcha yo‘nalishlar bo‘yicha sudlarda elektron axborot almashinuv imkoniyatlaridan foydalanish darajasi yanada oshiriladi.  

Sudlarning samaradorlik ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratiladi. Albatta, bu yerda gap sudlar uchun biror majburiy talab belgilash orqali sud amaliyotini yaxshilash haqida bormayapti, balki odil sudlov sohasidagi huquqiy islohotlarning yangi yo‘nalishlari, maqsadlari va ularni amalga oshirish bosqichlarini belgilab, aniqlab olish haqida bormoqda.

Aytib o‘tish kerakki, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida sud sohasida o‘tgan yillar davomida muhim islohotlar amalga oshirildi. “Xabeas korpus” institutini yanada keng tatbiq etish maqsadida 2025 yil 1 yanvardan tergov sudyalari instituti  amaliyotga joriy etildi. Sudlar tomonidan qabul qilinayotgan oqlov hukmlari soni ortdi.  

“Oila sudyalari” tashkil etildi. Protsessual qonun hujjatlarida elektron (raqamli) dalil tushunchasi, elektron dalillarni aniqlash, to‘plash, taqdim qilish, tekshirish, baho berish, qayd etish, saqlash tartiblari hamda bu jarayon ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilashga oid masalalar tartibga solindi.

Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda ma’muriy adliya tizimini yanada rivojlantirish doirasida nizolarni sudgacha hal qilish imkoniyatlari oshirildi. Sud tizimida “yagona darcha” prinsipi keng joriy etildi.  

E’tiborlisi, keyingi ikki yilda sudlardagi 13 mingdan ortiq ish taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzish orqali yakunlanib, fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining ortiqcha vaqt va sarf-xarajatlarining oldi olindi.  

Sudyalar o‘rtasida ishlarni inson omilisiz, avtomatik ravishda taqsimlash, sudlarga elektron murojaat va sud hujjatlarini taraflarga elektron shaklda yuborish, sud majlislarini audioyozuvda qayd etib borish, sud qarorlarini Internet tarmog‘ida e’lon qilish, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish kabi zamonaviy yondashuvlar natijasida odil sudlov samaradorligiga erishilmoqda.

Sudlarning axborot tizimi bilan vazirlik va idoralarning axborot tizimlari o‘rtasida ma’lumotlarni elektron shaklda olish tartibi amaliyotga joriy etilib, ular bilan ma’lumotlar almashinuvi raqamli shaklga o‘tkazildi.

Odil sudlov sohasini raqamlashtirish borasidagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimizning 2025 yil 21 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Shu asosda 2025 yil yakuniga qadar tajriba tariqasida Toshkent shahrida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy nizolarni ko‘rishga mo‘ljallangan sud majlisi zallari tashkil etiladi.  

Odil sudlov jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalari keng joriy qilinib, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.

Hozirda Oliy sudning axborot tizimlari va “Huquqiy yordam” axborot tizimi o‘rtasida integratsiya amalga oshirilib, elektron axborot almashinuv imkoniyatlari yaratilgan. Advokatlar barcha yo‘nalishlar bo‘yicha sudlarga o‘z murojaatlarini raqamli imkoniyatlardan foydalangan holda amalga oshirmoqda.

Kelgusida ushbu yaratilgan elektron axborot almashinuv imkoniyatlaridan foydalanish darajasini yanada kengaytirish va raqamli qulayliklarni sohaga yanada keng joriy etish borasida islohotlar davom ettiriladi.

Strategiyada belgilab berilayotgan maqsadlar va ko‘rsatkichlar aniq. Shu bilan birga, 2026 yilda amalga oshirish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilanmoqda.

Bu kabi choralarning sifatli amalga oshirilishi jamiyatimizda qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlash, odil sulov samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.  

Norgul Abduraimova, O‘zA