Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlarda qarz undirish bilan bog‘liq ishlar soni ortmoqda
13:24 / 2023-03-28

Huquqiy demokratik davlatda fuqarolar o‘rtasidagi barcha munosabatlar qonun bilan tartibga solinadi. Masalan, qarz munosabatlarining ham huquqiy asoslari mavjud, unga amal qilish esa turli nizolarning oldini oladi.

– Biroq, qarz undirish bilan bog‘liq ishlarga oid statistik ma’lumotlar tahlili sudlar amaliyotida aynan shu toifadagi nizolar soni yil sayin ortib borayotganini ko‘rsatmoqda, – dedi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. – 2020 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan qarz undirish bilan bog‘liq jami 11 ming 105 ish ko‘rilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yilda 26 ming 66 tani, 2022 yilda esa 29 ming 796 tani tashkil etgan.  

Demak, bu borada yurtdoshlarimizning huquqiy xabardorligini oshirishimiz zarur. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, qarz munosabatlari huquqiy jihatdan qanday tartibga solinadi va qarz shartnomasi qanday tuziladi?  

Qarz shartnomasi mulk huquqi bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tadigan shartnomalar turkumiga kiradi. U o‘zining tuzilishi jihatidan boshqa bitimlardan ajralib turadi.  

Fuqarolik kodeksining 732-moddasiga ko‘ra, qarz shartnomasi ham majburiyatning bir turi bo‘lib, fuqarolik muomalasida keng tarqalgan huquqiy institutlardan biri hisoblanadi.  

Qarz shartnomasiga asosan bir taraf – qarz beruvchi ikkinchi taraf – qarz oluvchiga pul yoki ashyolarni mulk qilib beradi. Qarz oluvchi esa, qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘sha pul yoki ashyolarni qaytarib berish majburiyatini oladi.  

Natijada pul mablag‘i yoki ashyo bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tadi. Bunda har ikki tarafning ham huquq va burchlari vujudga keladi.  

Qarz shartnomasi ikki taraflama bitimdir. Agar fuqarolar o‘rtasida bu qarzning summasi eng kam ish haqining o‘n barobaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa, qarz summasidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.  

Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi. Lekin taraflar o‘rtasida qarz bo‘yicha nizo kelib chiqsa, uning tuzilgani va bajarilganini guvohlar orqali tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi.  

Taraflar qarz shartnomasini tuzayotgan vaqtda shartnoma bo‘yicha foizlarni ham o‘zaro kelishuv asosida belgilab olishga haqli.  

Qarz shartnomasida foiz belgilanmagani qarz beruvchini foizlarni ham qo‘shgan holda qarzni qaytarishni talab qilish huquqidan mahrum qilmaydi.  

Agar qarz oluvchi qarz beruvchining pul mablag‘ini belgilangan vaqtda qaytarmasa va shartnomada foiz to‘lash nazarda tutilmagan bo‘lsa, Fuqarolik kodeksining 327-moddasi talabiga ko‘ra, qarzdor qarz beruvchi yashayotgan joyda, agar qarz beruvchi yuridik shaxs bo‘lsa, u joylashgan yerda mavjud bank foiz stavkalari asosida belgilangan foizlarni to‘lashga majbur.  

Agar qarz summasini qaytarish muddati shartnomada belgilangan bo‘lmasa, qarz oluvchi uni qarz beruvchi qarzni qaytarish haqida talab qo‘ygan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida qaytarishi kerak.  

Qarz oluvchi tomonidan qarz shartnomasi buzilgan taqdirda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma majburiyatini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun foizlar undiriladi. Shu bilan birga, qarz beruvchi qarz summasini qaytarib berishni talab qilib olishga haqli.  

Agar qarz shartnomasi aldash, zo‘rlik ishlatish, tahdid qilish, qarz oluvchining vakili qarz beruvchi bilan yomon niyatda kelishishi yoki qiyin vaziyatlar ta’sirida tuzilgan hollarda taraflar yoki manfaatdor shaxslar, guvohlarning ko‘rsatmalari asosida haqiqiy holatni tasdiqlashi mumkin bo‘ladi.  

Xulosa qilib aytganda, hayotda qonun talabiga qat’iy rioya etish turli noxush holatlar, nizolarning oldini oladi.  

 

N.Abduraimova, O‘zA