Prezidentimizning Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligiga e’tibor qaratildi.
Ayniqsa, sudlarda odamlarning ovoragarchiligiga chek qo‘yish zarurligi qayd etildi. Haqiqatan ham bu borada aholiga zarur qulaylik yaratish ularning davlatdan rozi bo‘lishi, kelajakka bo‘lgan ishonchi mustahkamlanishiga zamin yaratadi.
Aytib o‘tish kerakki, mehnat munosabatlari sohasida muammolar uchrab turadi. Tabiiyki, bunday sharoitda fuqarolar sudga murojaat qiladi.
2023 yil 30 apreldan kuchga kirishi kutilayotgan yangi Mehnat kodeksida mehnat nizolari bo‘yicha da’vo muddatlariga o‘zgartishlar kiritildi.
Ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha – xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran uch oy, xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha – ish beruvchi zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan e’tiboran bir yil, boshqa mehnat nizolari bo‘yicha – xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran olti oy muddat belgilandi.
Mehnat qonunchiligiga da’vo muddatlari bo‘yicha ikkita muhim o‘zgarish kiritildi. Birinchisi, ishga tiklashga oid nizolar bo‘yicha da’vo muddati bir oydan uch oyga, ikkinchisi boshqa mehnat nizolari bo‘yicha muddat uch oydan olti oyga uzaytirildi.
Mazkur modda bilan nafaqat xodimning sog‘lig‘iga, balki uning hayotiga yetkazilgan ziyon hamda ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi nizolar bo‘yicha sudga murojaat etish uchun muddat belgilanmasligi qat’iy belgilandi.
Sababi xodimlar sudga murojaat qilishdan oldin ish beruvchi bilan ziddiyatga bormaslik maqsadida murosaga kelish uchun harakat qiladi yoki boshqa ishni ko‘rib hal qilish vakolatiga ega bo‘lmagan instansiyalarga murojaat qilib ko‘p vaqt yo‘qotadi. Oqibatda da’vo muddati o‘tib ketadi. Bu esa javobgarning da’vo muddatini qo‘llash haqidagi iltimosnomasi bilan ishlarni ko‘rmasdan qoldirishga olib keladi.
Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha sudga murojaat etish muddatining o‘tishi yakka tartibdagi mehnat nizosini mediatsiya tartibida ko‘rib chiqish davrida to‘xtatib turiladi.
Mehnat nizolari bo‘yicha da’vo muddatlarining aniqlashtirilayotgani xodimlarga berilgan imkoniyatdir. Bu esa har bir xodimning taqdiriga mas’uliyat bilan yondashib, nizoni oqilona muddatlarda ko‘rib chiqishga imkon beradi. Bu ham yuqorida aytilganidek, odamlarning ovoragarchiliklariga barham beradi.
Kamoliddin Ismoilov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Farg‘ona tumanlararo sudi sudyasi.
O‘zA