Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlarda ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga xizmat qiluvchi qonunlar ma’qullandi
15:24 / 2023-10-27

Senat yalpi majlisida sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq to‘rt qonun muhokama qilindi.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari, agar ular apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida ko‘rish belgilanmoqda.  

Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish vakolati viloyat sudi va unga tenglashtirilgan sudlar vakolatiga o‘tkazilmoqda.  

Sud qarorlarini qayta ko‘rish bosqichlariga taftish instansiyasi kiritilishi munosabati bilan Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslarga, Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda taftish instansiyasida ish yuritish tartibi batafsil yoritilmoqda.

– Mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, paydo bo‘layotgan yangicha munosabatlar fuqarolar va tadbirkorlar o‘rtasida muammolarni yuzaga keltirmoqda, – dedi Senat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev. –Muammolarning keskin oshishi esa sudlarda ish hajmining ortishiga, oqibatda ishlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish imkoniyati pasayishiga, ushbu salbiy holat esa fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, uzil-kesil qaror qabul qilishda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini uch bosqichli tizim vositasida tekshirish imkoniyati cheklangani tufayli fuqarolarning ortiqcha vaqti va mablag‘i sarflangan. Kassatsiya tartibidagi shikoyatlarni ko‘rish vakolati faqat Oliy sudga berilgani fuqarolarning ortiqcha sarsongarchiligiga ham olib kelgan.  

Statistik ma’lumotlarga e’tibor bersak, 2020 yilda Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida 1 ming 291 ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 7,5 mingdan oshgan, 2022 yilda esa bu ko‘rsatkich qariyb 8 mingga yetgan. Oqibatda shikoyatdagi vajlar atroflicha tekshirilmay, ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmasdan, sud qarori bekor qilinib, quyi sudlarga yuborish holatlari ko‘paygan.  

[gallery-14250]

Aholidan sud qarorlaridan norozi bo‘lib Senatga yo‘llanayotgan murojaatlar mazmuni, shuningdek, senatorlar qabuliga kelayotgan fuqarolar tomonidan bildirilayotgan e’tirozlar ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bunday muammolarni bartaraf etish maqsadida ushbu qonunlar ishlab chiqilgan.  

Yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi instansiya sudlarining qarorini bekor qilgan holda yangidan ko‘rish uchun yana quyi sudga yuborish tartibi bekor qilinib, har bir sud instansiyasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish majburiyati yuklanmoqda. Shu bilan birga, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror ustidan apellyatsiya shikoyatini berish muddati 20 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.  

Senatorlar ma’qullagan qonunlar sudlarda ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga xizmat qiladi. Sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlari hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, eng muhimi, fuqarolarning sud orqali huquq va erkinliklarini himoya qilish imkoniyatlari kengayib borishiga erishiladi.  

N.Abduraimova, O‘zA