Andijonda viloyat sudlarining 2023-yildagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Viloyat sudlari raislari, sudyalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, davlat, jamoat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etgan anjumanda viloyat jinoyat, fuqarolik ishlari bo‘yicha, shuningdek, ma’muriy sudlar tomonidan o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Anjumanda mamlakatimiz sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida sudlar faoliyati sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarilayotganligi alohida qayd etildi.
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida Andijon viloyati, tuman, shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 2023-yilda 5 ming 780 nafar shaxsga nisbatan 4 ming 467 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlandi. Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili 2022-yilga nisbatan sudlanganlar soni 64 nafarga, jinoyat ishlari esa 9 taga ortgan.
Viloyat miqyosida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish 166 taga, mansabga sovuqqonlik bilan qarash 74 taga, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish 66 taga, elektr, issiqlik energiyasi, gaz, ichimlik suvidan foydalanish qoidalarini buzish 50 taga ortgan bo‘lsa, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzish 152 taga, firibgarlik 75 taga, pora berish bilan bog‘liq ishlar 56 taga kamaygan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2023-yil davomida jami 90 ming 285 ta ish ko‘rib chiqilgan. Fuqarolik ishlari avvalgi yilga nisbatan 12 ming 888 taga yoki 31,7 foizga kamaygan, sud buyruqlari 29 ming 200 ta yoki 53,3 foizga ko‘paygan.
Da’vo tartibida ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlari nizo turi bo‘yicha tahlil qilinganda, kredit qarzdorligini hamda qarz undirishga oid ishlar 8 ming 494 ta yoki 30,5 foizni, nikohdan ajratish haqidagi ishlar 6 ming 414 ta yoki 23,1 foizni, oilaviy nizolar 3 ming 175 ta yoki 11,4 foizni, mehnat nizolari 467 ta yoki 1,7 foizni, yer nizolari 360 ta yoki 1,3 foizni, uy-joy bilan bog‘liq nizolar 1 ming 145 ta yoki 4,1 foizni tashkil etgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2023-yilda jami 6 ming 414 ta nikohdan ajratish bilan bog‘liq ish ko‘rilib, shundan 3 ming 830 tasi yoki 59,7 foizida da’volar qanoatlantirilgan. Nikohdan ajratish bilan bog‘liq ko‘rilgan ishlar 2022-yilga nisbatan 564 taga yoki 8,9 foizga oshgan.
Nikohdan ajralish bilan bog‘liq ishlar eng ko‘p Andijon shahri, Asaka, Andijon, Shahrixon tumanlarida ko‘rilgan.
2023-yilida viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan 1 ming 138 ta ish ko‘rib chiqildi. Ko‘rib tamomlangan ishlar toifalar bo‘yicha tahlil qilinganda, hokimlar qarorlari va xarakati (harakatsizligi)ni qonunga xilof deb topish bilan bog‘liq jami 414 ta ish ko‘rib chiqilgan, shundan 143 tasi qanoatlantirilgan. Ya’ni hokimlarning 143 ta qarori qonunlarga zid ravishda qabul qilingan, deb topildi.
Ma’lum qilinishicha, tuman va shahar hokimlari tomonidan 2023-yilda 109 ta yer bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilishda qonunlarga yetarli darajada rioya etmaslik, o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga egalik xuquqini belgilash natijasida fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgan.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga sudyalardan batafsil javoblar oldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari