Sudlar tomonidan 2025 yilda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining kafolatlangan huquqlari, erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar muhokama qilindi.
Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov raisligida o‘tkazilgan majlisda keyingi yillarda aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish uchun insonning qadr-qimmati ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.
Mamlakatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida tan olinmoqda. O‘tgan yillar kabi joriy yilda ham sudlar faoliyati bilan bog‘liq muhim islohotlar ro‘yobga chiqarildi.
Jumladan, sud-huquq tizimidagi eng katta islohotlardan biri – tergov faoliyati ustidan sud nazoratini ta’minlash hamda “Xabeas korpus” institutini keng tatbiq etish maqsadida 241 tergov sudyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimizning joriy yil 30 yanvardagi “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya etilishini ta’minlash va ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqib yanada takomillashtirishga imkon yaratildi.
Qaror ijrosi bo‘yicha yangi tahrirdagi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Aholining sud muhokamalarida masofadan ishtirok etishiga yanada qulaylik yaratish maqsadida videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalanishning huquqiy asoslari yaratildi.

Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 21 avgustda “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
Farmon ijrosi yuzasidan kelgusi besh yilda 182 yangi namunaviy sud binosi quriladi, 25 tasi qayta rekonstruksiya qilinadi, 25 tasi mukammal ta’mirlanadi.
Yangi yildan iqtisodiy sudlar faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida viloyat markazlarida yagona tumanlararo iqtisodiy sudlari faoliyat yuritadi, bugungi kunda mazkur sudlar faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Ma’lum qilinganidek, yil boshidan bugunga qadar birinchi instansiya sudlari tomonidan 4 milliondan ziyod ish ko‘rib tamomlangan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 31 foizga oshgan.
Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan majlisda yagona sud amaliyotini shakllantirish, sud qarorlari sifatini oshirish, sudlarda ish yuritish, ishlar va murojaatlarni o‘z vaqtida ro‘yxatga olinishi hamda ular qonunchilikda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishiga oid mavjud muammolar tahlillar asosida muhokama qilindi.
Sud hujjatlari o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Rayosat majlisida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA