Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sudlar to‘g‘risida”gi yangi qonun: asosiy o‘zgarishlar nimalardan iborat
12:44 / 2021-08-04

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar, yuridik shaxslar hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining sud yo‘li bilan har tomonlama va to‘la himoya qilinishini ta’minlash, sud sohasiga axborot kommunikatsion texnologiyalarni keng joriy qilish, sud majlislarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash va shu yo‘l bilan fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.

2021 yil 28 iyul kuni yangidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni ayni shu maqsadlarni o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, deyishga barcha asoslar bor.  

Qonun 101 moddadan iborat bo‘lib, rasmiy e’lon qilingan kundan, ya’ni 2021 yil 29 iyul kunidan qonuniy kuchga kirdi.

“Sudlar to‘g‘risida”gi yangi qonunning eski tahrirdagi qonundan asosiy farqlari va o‘ziga xos xususiyatlarining ayrim jihatlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.  

Qonundagi asosiy yangilik Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 24 iyul kuni imzolangan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli farmonda belgilangan tashkiliy-tuzilmaviy islohotlardan kelib chiqqan bo‘lib,  qonunning 2-moddasida sudlarning yangi tizimi belgilandi. Shunga muvofiq, 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar iqtisodiy sudlari birlashtirilganligi hamda tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatilganligi munosabati bilan sud tizimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar  va Toshkent shahar sudlari, shuningdek tumanlararo ma’muriy sudlar ko‘rsatib o‘tildi.    

Shuningdek, qonunning sudyalar korpusini shakllantirishga bag‘ishlangan 5-moddasida sudyalar korpusini shakllantirish sudyalarning mustaqilligi prinsipiga qat’iy muvofiq holda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan amalga oshirilishi, kengashni tashkil etish va uning faoliyati tartibi alohida qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan.  

Bundan tashqari, sudyalarning mustaqilligi, qonun va sud oldida tenglik, sud hujjatlarining majburiyligi, sud ishlarini yuritishning oshkoraligi, sud ishlari yuritiladigan til, sud himoyasida bo‘lish huquqi, aybsizlik prezumpsiyasi kabi sudlar faoliyatining prinsiplariga qo‘shimcha ravishda qonuniylik deb nomlangan 8-moddada O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov qonunga qat’iy muvofiq holda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa, sud hujjati ustidan shikoyat qilish huquqi nazarda tutilgan  

17-moddada taraflar va qonunda nazarda tutilgan boshqa shaxslarning sud hujjati ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega ekanliklari mustahkamlab qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llangan murojaatnomada hamda uning ijrosini ta’minlash maqsadida 2020 yil 24 iyul kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli farmonda belgilangan 2021 yil 1 yanvardan boshlab bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlarini qisqartirish va odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish institutini tugatish vazifasining amaliy ifodasi sifatida yangi qonunning 28-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining vakolatlarida ishlarni nazorat tartibida ko‘rish nazarda tutilmagan hamda nazorat instansiyasi o‘rniga kassatsiya instansiyasida ishlarni takroran ko‘rish instituti joriy etilganligi munosabati bilan qonunning 29-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari ishlarni birinchi instansiya, apellyatsiya va kassatsiya tartibida, shu jumladan kassatsiya instansiyasi sudida takroran ko‘rishi belgilandi.

Qonunning 3-bob 32-38-moddalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar  va Toshkent shahar sudlarining tarkibi, vakolatlari, Rayosat va sudlov hay’atlarining vazifalari, sud raisining hamda rais o‘rinbosarlari – sudlov hay’atlari raislarining vakolatlari aniq va ravshan belgilab berilgan.

Yangi tahrirdagi qonun bilan kiritilgan sohaga kiritilgan o‘zgartishlardan yana biri bu sudyalik lavozimiga nomzodlarga nisbatan belgilangan talablarning kuchaytirilganligidir. Xususan, eski tahrirdagi qonunning 61-moddasiga ko‘ra, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga va yuridik ixtisosligi bo‘yicha, avvalambor, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ilk marotaba sudyalik lavozimiga tayinlinishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi qonunning 67-68-moddalariga asosan o‘ttiz besh yoshga to‘lgan, oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan va yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida yetti yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan  

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tumanlararo, tuman, shahar sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi bo‘lishi mumkinligi belgilandi. Bu sudyalik lavozimining o‘ta mas’uliyatli vazifa ekanligi bilan bevosita bog‘liq.

Shuni ham aytish kerakki, ilgari sudyalarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan intizomiy jazo choralari qonunosti hujjatlar bilan tartibga solingan bo‘lsa, yangi tahrirdagi qonunning 74-77-moddalari sudyaning intizomiy javobgarligi masalasini tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, 76-moddada intizomiy jazo choralarining turlari aniq belgilab berildi.

Yangi tahrirdagi qonunda sudyalar bilan birga ular oila a’zolarining moddiy hamda ijtimoiy himoyasi nazarda tutilganligi, sudyalarni uy-joy bilan ta’minlash hamda uy-joy ijarasi bilan bog‘liq to‘lovlarning to‘lab berilishi qonun doirasida tartibga solinganligi, sudyalar va ular oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralar sudyalarni odil sudlovni ta’minlash borasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib hisoblanadi.  

Huddi shuningdek, qonunning yangi tahrirda ham sudyalarning huquqlari va majburiyatlari, sudyalar mustaqilligining asosiy kafolatlari, sudyaning daxlsizligi, sudga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik, sudyaning vakolatlarini to‘xtatib turish va muddatidan ilgari tugatish, sudyalar malaka hay’atlari faoliyati va sohani tartibga solish bilan bog‘liq boshqa munosabatlar to‘liq tartibga solingan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, odil sudlovning sudyalar tomonidan faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirilishini, sud majlislarining oshkora va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini, tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan keng himoya qilish va shu orqali shaxslarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgandir.  

Asqar Mamaraimov,  

Surxondaryo viloyati

                                                                 Sherobod tumanlararo iqtisodiy sudining raisi                                                   

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA