“Sudlar toʻgʻrisida”gi qonun necha marta oʻzgardi?
Ayniqsa, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev boshchiligida 2016-yildan buyon amalga oshirilayotgan islohotlar oʻzining tezkorligi, shiddati va keng qamrovliligi bilan ajralib turadi.
Mamlakatimizda sud hokimiyati, sud qonunchiligi, sudlov apparati, sudlarning kadrlar (boshqaruv, mutaxassis va yordamchi) zaxirasiga doir koʻplab qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilingan va amaliyotga joriy etilgan.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev boshchiligida 2016-yildan buyon amalga oshirilayotgan islohotlar oʻzining tezkorligi, shiddati va keng qamrovliligi bilan ajralib turadi.
Jumladan, ushbu davrda sudlar faoliyatini rivojlantirish, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirish maqsadida sud organlariga sudya va xodimlarini tanlab olish, ularni oʻqitish va lavozimga qoʻyish, shuningdek, sud apparati kadrlari zaxirasini mustahkamlash, sudlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommknikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bu jarayonda amaliyotda mavjud muammolar, jamiyat va davlatimizning oʻziga xos shart-sharoitlari, xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilmoqda.
Natijada 2016-yildan 2020-yilga qadar sudlar faoliyatiga oid 20 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi.
Qayd etish kerakki, dunyo davlatlarida sud tizimlari va ularda ish yuritish tartib-qoidalarida xalqaro-huquqiy tan olingan umumiy tamoyillar amal qilsada, davlatlarning sud organlari tizimi, faoliyat doirasi, sudlarning tuzilishi bir-biridan farqlanadi. Ularda koʻrib chiqiladigan nizolar, huquqbuzarlik holatlari, munosabatlar doirasi, predmeti, ish va munosabatlar subyektlarining toifalari boʻyicha oʻzaro farq qiladi.
Oʻzbekistonda ham sud tizimi va ularda ish yuritish tartiblari bir necha bor oʻzgartirilgan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentyabrdagi “Sudlar toʻgʻrisida”gi 924-XII-sonli qonunining 1-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida besh yil muddatga saylanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, shu muddatga tayinlanadigan viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar, viloyat xoʻjalik sudlari mavjud boʻlgan.
Ushbu qonunga 1995-1996-yillarda ikki marta oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Soʻngra 2000-yil 14-dekabrda “Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 162-II-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahriri qabul qilindi. Mazkur Qonunga ham 2020-yilning iyul oyiga qadar 18-marta oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Mazkur Qonun qabul qilingan vaqtda (14.12.2000-y.) uning 1-moddasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tizimi quyidagicha belgilangan:
Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha viloyat va Toshkent shahar sudlari, fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xoʻjalik sudi, viloyat va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari.
Aynan ushbu Qonun orqali umumyurisdiksiya sudlari fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga ajratilgan va Qonunda Oʻzbekiston Respublikasida ishlarning toifalariga qarab sudlarning ixtisoslashuvi amalga oshirilishi mumkinligi ham yozib qoʻyilgan.
2017-yil 21-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinishi ortidan sudlar tizimi va faoliyatida belgilangan oʻzgarishlar natijasida 2017-yil 12-aprelda OʻRQ-428-son Qonuni qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga navbatdagi oʻzgartirishlar kiritilgan va Oʻzbekiston Respublikasi sudlar tizimi bugungi (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi; harbiy sudlar; Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik ishlari boʻyicha sudi, fuqarolik ishlari boʻyicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari; Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari; Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari; Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari; fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari; jinoyat ishlari boʻyicha tuman shahar) sudlari; tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari; tuman (shahar) maʼmuriy sudlari) koʻrinishga kelgan.
Endilikda, 2020-yil 24-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinishi bilan unda belgilangan vazifalar doirasida Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni yana bir bor yangi tahrirda qabul qilinadi.
Farmonda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrga qadar quyidagilarni nazarda tutgan holda yangi tahrirdagi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqishi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritishi ham nazarda tutilgan:
- sudlarning tuzilishi, tuman (shahar), tumanlararo, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlarining, Rayosatining, Plenumining vakolatlari doirasi;
- sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarga nisbatan qoʻyiladigan talablar;
- sudyalar, sud raislari va rais oʻrinbosarlarini tayinlash (saylash) tartibi;
- sudyalarning maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish;
- sudyalarga nisbatan intizomiy ish faqat sudyalarning tegishli malaka hayʼatlari tomonidan qoʻzgʻatilishini nazarda tutgan holda, sudyalarning intizomiy javobgarligi, intizomiy ishni qoʻzgʻatish va koʻrib chiqish tartibi;
- sudyalar vakolatlarini toʻxtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibi;
- sudyalarning moddiy taʼminoti va ularni ijtimoiy himoya qilish choralari.
Qonunga kiritiladigan oʻzgarishlar, sohadagi islohotlar mamlakatimiz sud tizimining yana-da takomillashtirilishi, sud organlarining ixchamlashuvi va ijro intizomining mustahkamlanishiga, jismoniy va yuridik shaxslarning sudlarga murojaat qilish mexanizmining soddalashtirilishiga xizmat qiladi.
Farrux MAJIDOV,
Tayloq tumanlararo
iqtisodiy sudi raisi v.v.b