Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlar tizimida qanday yangiliklar kutilmoqda?
16:20 / 2022-07-25

Odil sudlov – adolatli jamiyat va inson manfaatlari himoyasining garovidir.

Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish, ma’muriy sud ish yurituvini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish inson manfaatlariga xizmat qiladi, ularning huquqlari mustahkam himoya qilinishiga zamin bo‘ladi.  

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilingan “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi sudlar tizimida bir qator o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirgan. Qonun loyihasi davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarining samarali himoya etilishini ta’minlashga qaratilgan.  

Ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslariga, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. 

Fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasining muhokamasiga partiya dasturiy maqsad-vazifalari va elektorat manfaatlaridan kelib chiqqan holda yondashishdi.  Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan ma’muriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda ma’muriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga esa dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyati doirasida ishtirok etishi belgilanmoqda.  

Shuningdek, sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish, jumladan, sudlar tomonidan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish bo‘yicha ish yuritishni tugatishni taqiqlash, bunda da’vo arizasi, ariza, shikoyat yoki ishni ularni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish kabi protsessual normalar o‘z aksini topmoqda. 

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish, ma’muriy sud ish yurituvini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish, ma’muriy sudlarni haqiqiy xalq sudiga aylantirishga xizmat qilishini alohida qayd etdilar.  

Fraksiya a’zolari yana bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqib, partiya pozitsiyasidan kelib chiqqan holda fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar. 

Muhtarama Komilova, O‘zA