Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlar faoliyatini yoritishda jurnalist va blogerlarning kasbiy mahorati oshirildi
15:54 / 2024-07-31

Buxoroda “Ommaviy axborot vositalarida sudlar faoliyatini mas’uliyatli yoritishda jurnalist va blogerlarning kasbiy mahoratini oshirish” mavzusidagi seminar trening bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi jurnalist va blogerlar, Oliy sud sudyalari qatnashdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi, “Ist-Vest Menejment Institut” nodavlat notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi filiali va “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.  

Seminar treningda Oliy sud Jamoatchilik bilan aloqalar markazi boshlig‘i A.Abidov so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish va jamiyatimizda inson qadrini ta’minlashda xalqimiz tomonidan “To‘rtinchi hokimiyat” deya e’tirof etilgan ommaviy axborot vositalari hech shubhasiz, muhim o‘rin tutishini alohida qayd etdi. Ayni shu maqsadda davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda ro‘y berayotgan tarixiy o‘zgarishlar natijasida ommaviy axborot vositalarini erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin, ijtimoiy muhit yaratildi. Bir so‘z bilan aytganda, jamiyatimizda shaffoflik va oshkoralik, so‘z erkinligi, inson huquqlarini himoyalash hamda ularning ijtimoiy himoyasini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar mutlaqo yangi, xalqaro hamjamiyatda yanada yuqori bosqichga olib chiqildi.  

[gallery-18523]

Bu jarayonda sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Keyingi yillarda Oliy sud jurnalist va blogerlar faoliyatining ana shunday muhim o‘rnini e’tiborda tutib, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.  

Oliy sud rahbariyati ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik, ayniqsa, jurnalist va blogerlarning sermashaqqat mehnati, fidoyiligini yuksak qadrlaydi. Chunki sudlar bilan ommaviy axborot vositalari o‘rtasida o‘zaro mustahkam hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi sud-huquq tizimida qat’iyat bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli yangilanish va o‘zgarishlar jarayoni, bu borada qabul qilinayotgan yangi qonun hujjatlari mazmun-mohiyati to‘g‘risida keng jamoatchilikka xolis va haqqoniy axborotni o‘z vaqtida yetkazadi. Sudlar faoliyatida ochiq-oshkoralik, shaffoflik va qonuniylikni ta’minlashga, aniqroq aytganda, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini shakllantiradi. Xalqimizning sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.  

Yuqorida qayd etilganlardan ham ko‘rinadiki, sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalarining o‘zaro amaliy hamkorligi o‘ta muhim ahamiyatga ega.  

Ma’lumki, har qanday jamiyat, avvalo, fikrlar xilma-xilligi, zamonaviy tilda aytganda, plyuralizmga asosan taraqqiy etadi, rivojlanadi. Bugun davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan jamiyatimiz ana shunday fikrlar xilma-xilligi asosida rivojlanishiga keng yo‘l ochib berilmoqda.  

Gazeta-jurnal, internet-nashrlarda va boshqa manbalarda e’lon qilinayotgan materiallar xolis, har qanday shubha-gumondan xoli, beg‘araz va qonuniy asoslarda yozilgan bo‘lishi kerak. Chunki birgina noxolis fikr yoki sud qarorining noto‘g‘ri talqin qilinishi keng jamoatchilik o‘rtasida noto‘g‘ri tasavvurning shakllanishiga, oxir-oqibat esa odil sudlov sifatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.  

Holbuki, sud hokimiyatining ham, ommaviy axborot vositalarining ham asosiy maqsadi – jamiyatda qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini kafolatli himoya qilish orqali ularning ishonchini yanada oshirishdan iboratdir.  

2 kun davom etgan seminar treningda trenerlar tomonidan “Axborot sohasidagi yangi qonunchilik: so‘nggi islohotlar mazmun-mohiyati”, “So‘z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligi. Oltin o‘rtalik qayerda?”, “Sud faoliyatini mas’uliyatli yoritish: mohiyat va asosiy tushunchalar”, “Sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, aholining sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlashda sud tizimining axborot siyosati konsepsiyasi” va boshqa mavzularda interfaol taqdimotlar, ochiq muloqotlar va davra suhbatlari, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.  

Seminarda jurnalist blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan aniq javob oldi.    

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.