Prezidentimizning 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Namangan viloyat sudlarining yillik faoliyat yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida yil davomida erishilgan yutuqlar va kamchiliklar haqida so‘z bordi.
Anjumanda Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmonov hamda viloyat ma’muriy sudi raisi Zarifaxon Qurbonova tomonidan sud-huquq sohasidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar, ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda ma’muriy ishlar, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili, huquqiy targ‘ibot ishlariga oid ma’lumotlar tinglandi.

Ta’kidlanganidek, Namangan viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha shahar, tuman sudlari tomonidan 7066 nafar shaxsga nisbatan 5 ming 422 ta ish ko‘rilgan. Sudlar tomonidan insonparvarlik tamoyili qo‘llanilishi natijasida 11 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan. 484 kishi sud zalidan qamoqdan ozod qilingan bo‘lsa, 1512 fuqaroga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, jazoning eng kam qismidan ham kamroq yoki boshqa yengilroq turdagi jazo tayinlangan.
1455 shaxsga nisbatan 1 ming 357 ta ish taraflar yarashganligi sababli harakatdan tugatilgan. Jazo muddatini o‘tayotgan 62 kishining jazosi ushbu kodeksning 74-moddasiga asosan yengilrog‘i bilan almashtirilgan, 2368 fuqaro esa yuqoridagi kodeksning 73-moddasiga ko‘ra, tayinlangan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.

E’tiborlisi shundaki, sud majlislari va sayyor qabullar natijasida sudlar tomonidan yil davomida ajralish yoqasida turgan 76 oilani yarashtirishga erishilgan. Iqtisodiy sudlar tomonidan esa 26 ming 239 ta ish mazmunan hal etilib, shundan 11 ming 845 tasi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan. Hisobot davrida kichik biznes sub’ektlari, fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning da’vogarligida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir 1 ming 669 ta, 467 milliard 807 million so‘mlik ishlar ko‘rilib, 1 ming 323 ta ish bo‘yicha ularning foydasiga 274 milliard 698 million so‘m qarzdorliklarni undirish bo‘yicha sud hujjatlari qabul qilingan.

Keyingi paytlarda sudlarga murojaat va arizalarning soni tobora oshganligi sababli sudyalarning ish hajmi va yuklamasi oshib bormoqda. Birgina 2024 yil mobaynida fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudning har bir sudyasiga 372 ta ish to‘g‘ri keldi.
– Aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etish bugungi kunning eng asosiy masalalaridan hisoblanadi, – deydi Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmonov. Bu borada viloyat sudining sudlov hay’atlari, tumanlararo, shahar, tuman sudlariga 2024 yil mobaynida jami 8094 ta murojaat kelib tushgan. Sud – adolat tog‘ining eng cho‘qqisi bo‘lishi kerak. Shunga ishongan fuqaro sudlarga najot va yechim izlab keladi. Ayni shu haqiqatdan kelib chiqqan holda, 3102 murojaat sudlar tomonidan qanoatlantirilgan, 4911 tasiga esa huquqiy tushuntirish berilgan.
Tadbirda, ommaviy axborot vositalarining vakillari jamiyatda odil sudlovni ta’minlash, qonuniylik va adolat barqarorligiga erishish borasidagi savollarga sud raislari va sudyalar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA