Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlar faoliyatida nazorat tartibida ish yuritish instituti bekor qilinmoqda
17:16 / 2020-12-11

Davlatimiz rahbarining Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigida inson huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha barcha sohalar, ayniqsa, sud-huquq tizimida chuqur islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Buning tasdig‘ini keyingi to‘rt yilda 2 ming 600 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilib, 2 ming 400 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingani, 7 ta sud bosqichi 3 bosqichga keltirilib, sud tizimi “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida qayta tashkil etilayotganida ko‘rish mumkin.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan majlisda deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda batafsil ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, jamiyatning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.  

Binobarin, Prezidentimizning “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samararadorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihalari bilan Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.  

Loyihalarga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarini tashkil etish belgilanmoqda.

Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qonun loyihalari orqali nazorat tartibida ish yuritish institutini bekor qilish, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarini isloh qilish nazarda tutilyapti. Jumladan, Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilinmoqda.

Amalda mavjud bo‘lgan Oliy sud sudyasining nazorat shikoyatini Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqish uchun o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim chiqarish vakolati bekor qilinmoqda, ya’ni protsessual kodekslarda belgilangan shakl va mazmun talablariga rioya qilingan holda berilgan shikoyat (protest) kassatsiya instansiyasi sudining ish yurituviga qabul qilinib, sudlov hay’atida ko‘rib chiqilishi taklif etilyapti.

Qonun loyihalarida investitsiyaviy nizolar bo‘yicha yirik investorlarning, raqobatga oid ishlar bo‘yicha taraflarning xohishiga ko‘ra, ushbu toifadagi ishlar bevosita Oliy sud tomonidan, qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘rilishi mumkinligi aks etmoqda.  

Shuningdek, sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan qatnashishi istisno etilmoqda. Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga haqli ekani ham taklif etilyapti.  

Jinoyat-protsessual kodeksiga yangi ochilgan holatlar tufayli jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni qaytadan boshlashning aniq qoidalarini belgilovchi qo‘shimchalar, qator yangiliklar kiritilmoqda. Ularga ko‘ra, ushbu huquqni ilgari nazarda tutilganidek nafaqat prokuror, balki jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilari ham amalga oshirishi mumkin. Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risidagi iltimos yoki xabarni ko‘rib chiqish huquqi Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga beriladi.  

Bundan tashqari, qonun loyihalari bilan jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarining qonuniy kuchga kirishi va ijro etilishi tartibi aniqlashtirilmoqda.  

Deputatlar qonun loyihalari qonun tashabbuskori tomonidan kiritilgandan so‘ng, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi ishchi guruhi bilan birgalikda faol ish olib borilgani, natijada xalq vakillari e’tirozlariga sabab bo‘lgan normalar chiqarib tashlanganini qayd etdi. Protsessual kodekslardagi normalarni birxillashtirish maqsadida o‘nga yaqin moddalarga yangi qism va bandlardan iborat o‘zgartish va qo‘shimchalar, amaliyotda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarning oldini olish bo‘yicha o‘ndan ortiq moddalarga yangi aniqlashtiruvchi normalar, shu bilan birga, ko‘plab moddalarga tahririy tuzatishlar kiritildi.  

Parlament a’zolarining ta’kidlashicha, mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar odil sudlovni kafolatlash, fuqarolarning sudga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.  

Qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqilgach, deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.  

 

Mohigul Qosimova.

O‘zA