Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zolari sudlarda odil sudlovni amalga oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida ko‘rilayotgan choralar, yaratilgan interaktiv xizmatlar bilan tanishish maqsadida Toshkent viloyatining Chirchiq shahar tumanlararo fuqarolik ishlari va iqtisodiy sudlari hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida deputatlar Qonunchilik palatasiga kiritilgan «Sudlar faoliyatining raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida belgilanayotgan normalarning amaldagi imkoniyatlarini o‘rgandi.
Xususan, sud ishi bo‘yicha taraflarni sud majlisi haqida SMS-xabar orqali xabardor qilish, sudga berilgan murojaatning holatini onlayn kuzatib borish, sud majlislarida masofadan turib mobil videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish hamda yakuniy sud hujjatlarini taraflarga internet tarmog‘i hamda SMS va elektron pochta orqali taqdim etish jarayonining amaliy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishildi.

O‘rganishlar jarayonida soha mutaxassislari tomonidan qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar berildi.
Taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar sudga berilgan murojaatning natijasini bilish, sud majlislarida qatnashish va sud qarorini olish uchun sud binolariga kelish bilan bog‘liq ovoragarchiliklarning oldini olishga, odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan tezkorlik bilan olinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA