Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlar atrofidagi axborot: manfaat hamma narsa, manfaat hech narsa...
16:03 / 2022-06-01

Bugun shiddatli asr, ya’ni axborot eng qimmat tovarga aylanib ulgurgan davrda yashayapmiz.

Axborotga egalik ustunlikni taqdim etadigan zamon hamda aqllar bellashadigan makondamiz.

Dunyo mamlakatlarida tarqalayotgan axborotlarning 80 foiziga yaqini 6 ta yirik massmedia kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, lekin bugun so‘z yuritadigan mavzumiz esa sudyalar haqidagi axborotlarning ma’lumgina, ya’ni manfaatlarga daxldor bir qismi haqidagina boradi.

«Bu dunyo shunday qurilganki, uni manfaat boshqaradi», deyishadi buyuk donishmand-faylasuflar.

«Manfaat» degan tushuncha o‘z navbatida iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy va hokazo ko‘rinishda bo‘lishi ham haqiqat.

Deylik, sudlarda taraflarning ishonchli vakil (haq evaziga huquqiy xizmat ko‘rsatuvchi)lari sud ishlarida albatta iqtisodiy manfaat topishni maqsad qiladi. Ya’ni, ma’lum bir haq evaziga, buyurtmachi (mijoz) bilan uning foydasiga sudda ishni yutishga harakat qilish majburiyatini olib, shu haqda yoki shunga o‘xshash kelishuv tuzishadi...

Siyosiy manfaatda esa davlat keng ma’noda sudlarda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali aholining sud hokimiyati – davlat hokimiyatiga ishonchini tobora oshirishni maqsad qiladi.

Quyida tor siyosiy manfaatga misol keltirish mumkin.

Sudlarda topiladigan ijtimoiy manfaat shunday manfaatki, bunda taraflar jamiyatdagi ijtimoiy adolat degan tushuncha uchun, qonun ustuvorligi, teng huquqlilik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, bir so‘z bilan aytganda, tabiat tomonidan taqdim etilgan huquqlarning tosh-tarozisi, muvozanati uchun sudlarda nizolashadi.

Sudlar faoliyatida ma’naviy manfaatni izlovchilar esa o‘zi halol-pok, diyonatli, bag‘ri keng, beg‘araz, yetarlicha malakali, ilmli va sudda ishlarni halol yo‘l bilan yutishga sarflaydigan, harom va g‘irromning har qanday turidan hazar qiladigan va sudda yutish uchun har qanday nopok usul-vositalarning biror-bir turidan foydalanmaydigan, faqatgina sudda adolat qaror topsagina, shunda ham beminnat mehnatidan butun vujudi bilan rozi bo‘ladigan toifa vakillari tushuniladi.

Endi, ushbu manfaatlarda axborotning o‘rni nimada yoki sudlardagi turli manfaatlarga axborotning qanday aloqasi bor deysizmi?

Gap shundaki, barcha zamonlarda axborotga egalik har qanday sohada ham ustunlik bergan. Tarix guvohki, ilmli inson (bilimlarni o‘zida mujassam etgan axborot sohiblari), ilmsizlardan albatta yuqori turgan, agar, u ilmli shaxs, ilmini g‘araz maqsadlarda sarflamasa...

MASALA NIMADA?

Agar axborot manfaatlarga bo‘ysundirilsa yo axborotlar manfaatga erishish vositasi sifatida qo‘llanilsa, bunday holatlar o‘z-o‘zidan islohotlar, jumladan, sudlarga oid islohotlar samarasiga ham salbiy ta’sir etmay qolmaydi.

Ming afsuslar bo‘lsinki, sudlardagi iqtisodiy va siyosiy manfaatlar doirasida shunday holatlar yuzaga keladiki, garchi, sudlarda taraflar adolatli va qonuniy qaror asosida yutqazgan yoki yutqazishini avvaldan bilgan bo‘lsada, sud faoliyatiga nisbatan noto‘g‘ri, noxolis, g‘arazli maqsadda axborot tarqatishga bor e’tiborini qaratadi.

Chunki hech kim o‘z manfaatidan kechgisi kelmaydi. Ularni manfaat boshqaradi.

Ya’ni sud ishni noto‘g‘ri ko‘rgani, sudyaning noxolisligi, uning ikkinchi tarafdan manfaatdor ekanligi faqatgina shubhalarga asosan ro‘kach qilinib, shuning bois u sudda yutqazganligiga zo‘r berib, sudyaga nisbatan turli darajadagi instansiyalarga shikoyat qilib, noto‘g‘ri va noxolis axborot tarqatib, ishni o‘z foydasiga hal etishning payida bo‘ladi.

Demak, keltirilgan achchiq haqiqat asosida aytish mumkinki, manfaat nosog‘lom axborot muhitini yaratadi. Natijada noto‘g‘ri va noo‘rin xulosa va fikrlar shakllana boradi.

Sudlardagi yana bir holat: u yoki bu mansabdor o‘z maqsadini siyosiy manfaatga, deylik davlat va jamiyat manfaatiga o‘rab, niqoblab oladi. Garchi bu davlat va jamiyat manfaatiga aloqador bo‘lmasada, sud faoliyatiga daxldor tizimni shunga ishontirishga urinadi.

Bu holatlarning oqibati ham aynan «iqtisodiy manfaat» kabi bo‘lib, sudlarga davlat va jamiyat manfaatiga e’tibor qaratilishini uqtirishda, shundan kelib chiqib sudyalarga baho berishda namoyon bo‘ladi.

Ammo, manfaatning iqtisodiy manfaatdan farqli jihati sudyaning mustaqilligi va uning kelajak faoliyatiga u yoki bu tarzda ma’muriy vositalar bilan ta’sir etishi mumkinligida ko‘rinadi. Ya’ni, ayrim ma’muriy tizimlarda o‘zi yoki guruh manfaatlari uchun sud, sudya haqida noxolis axborotlarni shakllantirish orqali uning karerasi, taqdirini hal etishga ta’sir etib, bilib-bilmay, sud islohotlariga g‘ov bo‘lib qolishga beminnat sababchi bo‘ladi.

Demak, sudlarda albatta manfaatlar to‘qnashadi, ba’zan katta-katta manfaatlar ham to‘qnashadi. Chunki sudlar qonunlarni bevosita qo‘llaydigan va oxirgi so‘zni aytadigan hokimiyatdir. Sud natijasi o‘z foydasiga hal bo‘lmagan taraf albatta suddan rozi bo‘lmaydi. Bu tabiiy holat.

Biroq, bu jarayonda sud faoliyatiga nisbatan ma’lum manfaatlarga xizmat qilishni ko‘zda tutuvchi axborot sizdirilishi yuzaga keladi.

Negaki, axborot asrida shunday g‘irrom qoida borki, bunda jarayonning oq yoki qoraligi muhim emas, balki bu ranglarni aholiga qanday qilib ko‘rsatish birlamchidir. Buning boshqacha nomi ijtimoiy manipuliyatsiyadir. Manipuliyatsiya axborot tarqatish vositasi asosida amalga oshiriladi.

Demak, sudlarda manfaatlar va axborotlar bog‘liqligi shundan iboratki, aholini sudlarda ishlarni adolatsiz ko‘rib chiqilishiga ishontirish orqali bundan manfaat topadi va hokazo...

Xuddi sudda ishing hal bo‘lishi uchun «yo zaring yo zo‘ring bo‘lsin», degan kabi...

Bu esa manfaatlar asosidagi axborotlar ta’siriga hamda manipuliyatsiya girdobiga osongina tushib qoladigan toifaga o‘z ta’sirini yaqqol ko‘rsatadi. Bu qarash asossiz, asl holat esa buni inkor etadi.

Negaki, bugun sudyalarning sharoiti ijtimoiy holati, moddiy va moliyaviy ta’minoti ularni iqtisodiy jihatdan hech kimga qaramlikka yo‘l qo‘ymaydi hamda «tili qisiqligi»ga olib kelmaydi va ularni tama’girlikka yetaklamaydi.

Bordiyu, mabodo buning aksi bo‘lsa, unda odil sudlovga xiyonat va noshukurlik bo‘ladi.

Aytishimiz joizki, sudlarda, sudyalarda ham taraflarda ham bitta manfaat – ma’naviy manfaat ustuvor bo‘lishi va axborot ham aynan shu manfaatni e’tibordan chetda qoldirmagan holda yoyilishi lozim. Albatta hayot bor ekan, qolgan manfaatlar ham yo‘q bo‘lib ketmaydi, xohlaysizmi-yo‘qmi, ular ham yashashda davom etaveradi, ammo ular qonunga qat’iy rioya qilgan holda yashashi darkor.

Toki, sudyaning ma’naviy manfaatida sudya o‘zining qabul qilgan adolatli, qonuniy, to‘g‘ri, xolis qaroridan ko‘ngli to‘lsin, hech qachon ichki ishonchini ishonchsiz holatga keltirmasin va g‘ururi egilishiga sabab bo‘lmasin, taraflarga yorug‘ yuz bilan tik boqsin, ko‘zlari chaqnasin, vijdoni yayrasin, pok vijdon bilan tunlari tinch uxlab, har kunni xotirjamlikda o‘tkazsin.

Taraflar, vakillar, vositachilar, sudlar faoliyati haqida «manfaatli axborot» tarqatuvchilar va hokazo boshqacha tarzda manfaatdorlikni ko‘zlovchilar ham sudlarda, odil sudlovda haqiqiy inson rohat topadigan «ma’naviy manfaat»ni his etsin.

Ana shundagina sudlar atrofida xolis axborot muhiti shakllanadi. Bunday muhitning jamiyatga ijobiy ta’siri, islohotlarimizdagi o‘rnini esa bir so‘z bilan ta’riflash mushkul. Buni faqat sohani ozgina bo‘lsada, ichdan bilgan kishigina vujudidan o‘tkazishi mumkin.

Manfaat hamma narsa, manfaat hech narsa...

Nuriddin Murodov,

Toshkent shahar,

Toshkent tumanlararo

iqtisodiy sudi raisi