Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlar adolat qo‘rg‘onidir
17:28 / 2025-06-28

Namangan viloyati sudida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida viloyati sudi raisi Alisher Usmonov hamda viloyat ma’muriy sudi raisi Zarifaxon Qurbonova tomonidan sud-huquq sohasidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar, shu yilning o‘tgan davri mobaynida ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda ma’muriy ishlar, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili, huquqiy targ‘ibot ishlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Unda ta’kidlanganidek, Namangan viloyatida odil sudlovni amalga oshirish, adolatni qaror toptirish, qonuniylikni mustahkamlash borasida sud idoralari tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida jinoyat ishlari bo‘yicha shahar, tuman sudlari tomonidan 2 ming 895 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 271 ta jinoyat ishi ko‘rilgan. Shundan 2 ming 440 shaxsga nisbatan 1 ming 845 ta jinoiy ishi bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilib, 12 shaxsga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan. 

Iqtisodiy sudlar faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mazmunan hal etilgan 27 ming 518 ta ish doirasida, kichik biznes sub’ektlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida 157 milliard 127 million so‘mlik  ish ko‘rib chiqildi. Natijada, 416 ta ish bo‘yicha ishbilarmonlar foydasiga 88 milliard 816 million so‘m qarzdorliklarni undirish bo‘yicha sud hujjatlari qabul qilindi.

Matbuot anjumanida aytib o‘tilganidek, adolat qo‘rg‘oni sanalgan sudyalarning ish hajmi yuklamasi ortib borayotgan, bu o‘z navbatida adolat hakamlarining mas’uliyati nechog‘lik ahamiyat kasb etishini anglatadi. Masalan, sudyalarning bir oylik o‘rtacha ish hajmi jinoyat ishlari bo‘yicha shahar, tuman sudlarida har bir sudyaga o‘rtacha 27,6 ta jinoyat ishi, 60,9 ta jinoiy material to‘g‘ri kelgan.

Tadbirda jurnalistlarning qiziqtirgan savollariga sud raislari va sudyalar tarafidan batafsil javoblar qaytarildi. Yakunda, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yanada oshirish borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, sud organlari bilan muntazam hamkorlik qilib kelayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari munosib taqdirlandi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.