Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudlar adolat qo‘rg‘oni bo‘lmog‘i lozim
11:40 / 2023-01-28

Jizzaxda viloyat sudlari tizimida o‘tgan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etgan tadbirni Jizzax viloyat sudi raisi O‘tkirjon Jumayev boshqarib bordi.  

Dastlab, viloyat ma’muriy sudi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sharofiddin Boliyevning axboroti tinglandi.

Jizzax viloyat va tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan o‘tgan 2022 yil davomida odil sudlovni amalga oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, viloyat ma’muriy sudlari tomonidan o‘tgan yil davomida jami 972 ta, shundan, apellyatsiya instansiyasida 133 ta (120 tasi ommaviy huquqiy munosabatlar bilan, 13 tasi materiallar bilan bog‘liq) ish ko‘rilgan.

Birinchi instansiya sudida 839 ta (shundan 590 tasi ommaviy huquqiy munosabatlar bilan, 249 tasi materiallar bog‘liq) ko‘rib chiqilgan ishlarning 590 tasi ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni tashkil etadi. Shulardan 305 tasi yoki boshqacha aytganda 51,7 foizi qanoatlantirilgan, 218 ta yoki 37 foizi rad qilingan, 39 ta yoki 6,6 foiz ish tugatilgan, 28 ta yoki 4,7 foiz ish ko‘rmasdan qoldirilgan.

Shuningdek, 249 ta materialning 220 tasi yoki 88,3 foizi qanoatlantirilgan, 29 tasi yoki ushbu materiallarning 11,7 foizi rad qilingan.

Arizalar toifalari bo‘yicha tahlil qilinganda ularning 320 tasini viloyat va tuman (shahar) hokimlarining xatti-harakatlari va qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan bo‘lib, 150 tasi qanoatlantirilgan, 131 tasi rad etilgan, 13 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan va 26 tasi tugatilgan.

O‘tgan 2022 yil davomida Jizzax viloyat ma’muriy sudining apellyatsiya instatsiyasida ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 120 ta, Jizzax tumanlararo ma’muriy sudida 590 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, ushbu ishlar bo‘yicha ixtiyoriy to‘langan va sud qaroriga asosan undirish belgilangan jami sud xarajatlari (davlat boji, pochta xarajati, VKA xarajati) miqdori 992 million 296 ming 790 so‘mni tashkil etib, shundan 208 million 990 ming 500 so‘mlik sud xarajatlari ixtiyoriy to‘langan.

Shuningdek, Jizzax viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Akrom Shukurov, viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Rahmatilla Orziqulov, viloyat sudi iqtisodiy ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Jamol Qahhorovning axboroti tinglandi.

Anjumanda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA